Rossiya Ukrainaga F-16 samolyotlari berilishini yadroviy tahdid deb baholadi
Olam
−
13 iyul 2023 10025 2 daqiqa
Moskva Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari topshirilishini yadroviy tahdid deb baholadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar va NATO bu harakat orqali Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv xavfini oshirgan. Lavrov buning oqibatlari “halokatli” bo‘lishidan ogohlantirgan.
“Harbiy harakatlar davomida bizning harbiylarimiz ushbu turdagi har bir samolyot yadro qurolini yetkazib berish uchun jihozlangan yoki yo‘qligini ajratib o‘tirmaydi. Ukraina Qurolli kuchlarida bunday tizimlarning paydo bo‘lishi bizga nisbatan G‘arbning yadroviy sohadagi tahdidi sifatida ko‘rib chiqiladi”, deydi Lavrov.
Shuningdek, Rossiyaning Ukraina urushida yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqida berilgan savolga javoban, Lavrov bunday holat ssenariysi Rossiyaning harbiy doktrinasida aniq belgilanganini eslatgan.
“Shu bilan birga, AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilari Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv xavfini yuzaga keltirayotgani va bu halokatli oqibatlarga olib kelishiga e’tibor qaratmoqchiman”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Ma’lumot uchun, kecha, 12 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusda yakunlangan NATO sammitida ukrainalik uchuvchilarni G‘arb qiruvchi samolyotlarida parvoz qilishga o‘rgatish bo‘yicha memorandum imzolandi. Unda Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Shvetsiya va Kanada ishtirok etishga rozi bo‘ldi. Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham tashkilot yoz oxirigacha Ukraina uchuvchilarini Amerikaning F-16 samolyotlarida uchishga tayyorlay boshlashini ma’lum qildi. Ruminiya esa bu ishni avgust oyidanoq boshlashi mumkin.
Mazkur harakatlar Kiyevga qiruvchi samolyotlarni yetkazishga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilishi ta’kidlangan. Ammo samolyotlar aynan qachon yetkazib berilishi ochiqlanmagan.