Rossiya Ukrainadan taslim bo‘lishni talab qilmayapti – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat Ukrainadan taslim bo‘lishni talab qilmayotgani, balki yerda shakllangan real holatlarni tan olishni istayotganini aytdi. Bu haqda u Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisidagi nutqida so‘z ochdi.

Putinga savol bilan yuzlangan jurnalist Trampning Eronni “so‘zsiz taslim bo‘lish”ga majburlash istagini eslab, Putindan “siz, Rossiya Prezidenti sifatida Vladimir Zelenskiydan ham xuddi shunday so‘zsiz taslim bo‘lishni kutyapsizmi?” deya so‘ragan. 

“Biz Ukrainadan taslim bo‘lishni talab qilmayapmiz. Biz yerda shakllangan real holatlarni tan olishni talab qilamiz”, degan Rossiya rahbari. 

Qolaversa, Prezident jurnalistlar bilan suhbatda Putin Ukrainadagi vaziyat tobora og‘irlashayotganini ta’kidlagan. 

“Endi gap faqat Donetsk va Lugansk haqida emas. Yana ikki hudud Rossiya tarkibiga qo‘shildi. Albatta, Qrim ham. Keling, endi ana shu haqda gaplashamiz”, degan davlat rahbari. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, u mojaro yechimi uchun istalgan tomon, jumladan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashishga tayyor. 

“Masala bu emas. Agar Ukraina hukumati muzokaralar olib borish uchun kimgadir ishonsa, Xudo haqqi, keling bu Zelenskiy bo‘lsin. Masala bunda emas, masala hujjatga kim imzo chekishida. Quloq soling, men hech narsa o‘ylab topmadim.

Targ‘ibot nuqtai nazaridan, siz hozirgi hokimiyatning qonuniyligi haqida xohlagan narsangizni aytishingiz mumkin, ammo biz uchun jiddiy masalalarni hal qilishda tashviqot emas, balki qonun muhim”, degan Putin.

Ma’lumot uchun, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi joriy yilning 18–21 iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tmoqda. 2025 yilgi forumning asosiy mavzusi “Umumiy qadriyatlar – ko‘p qutbli dunyoda o‘sishning asosi”. 

Forumda yirik va o‘rta biznes vakillari, kichik korxonalar, xalqaro kompaniyalar, davlat idoralari, ekspertlar, ta’lim sohasi vakillari hamda yosh mutaxassislar va talabalar ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi oxirida Zelenskiy Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan edi. Donald Tramp uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Biroq Putin buni rad etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing