Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar payti Turkiyada zilzila bo‘ldi
Olam
−
15 may 14765 2 daqiqa
Bugun, 15 may kuni Turkiyaning Konya shahrida 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda “A Haber” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yerosti silkinishlari Ukraina delegatsiyasi joylashgan Anqarada ham sezilgan. Delegatsiya Rossiya bilan muzokaralarda qatnashish uchun kelgan edi.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 5,2 ni tashkil qilgan.

Shu voqea fonida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Anqaradan Istanbulga uchishi kechiktirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. OAV xabarlariga ko‘ra, dastlab uning samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da uchishi kerak edi, ammo hozirda parvoz keyinga ko‘chirilgan. Ko‘pchilik OAVlar bu kechiktirishni ushbu zilzila bilan bog‘lamoqda.
Zilziladan so‘ng Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali zilzila yuzasidan oxirgi ma’lumotlarni e’lon qilgan.
“Konya viloyatining Kulu tumanida 5,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Aholi tomonidan atrofdagi viloyatlarda ham sezilgan ushbu zilzila yuzasidan AFAD (Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi) va tegishli idoralarimiz zudlik bilan dala tekshiruv ishlarini boshladi. Hozircha hech qanday salbiy holat aniqlanmadi. Zilziladan zarar ko‘rgan fuqarolarimizga o‘z hamdardligimni bildiraman”, degan vazir.
Istanbulda zilzila
Joriy yilning 23 aprel kuni ham mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Qolaversa, 6,2 magnitudali birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etildi. Soat 12:51 da yerosti silkinishi (5,9) qayd etilgan. Undan keyin 4,4, 4,8, 4,5 va 4,9 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. 13:07 dan boshlab silkinishlar kuchi 3,4 dan 3,1 gacha pasayishni boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari hali davom etishi mumkin.
Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etayotgani va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini bildirgandi.
Live
Barchasi