Rossiya Ukrainaga hujum qilishga jiddiy tayyorlanmoqda - NATO Bosh kotibi
Olam
−
20 fevral 2022 10884 2 daqiqa
NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning fikricha, Rossiya Ukrainaga hujum qilishga jiddiy tayyorlanmoqda. Bu haqda u kecha, 19 fevral kuni Germaniyaning "ARD" telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Barcha belgilar Rossiya keng ko‘lamli hujumga tayyorlanayotganidan dalolat beradi”, degan NATO bosh kotibi Stoltenberg.
Bundan avval, NATO Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarini ortga qaytarish borasida Kremldan jiddiy qadam tashlashni talab qilgan edi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi Yens Stoltenberg kecha Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiya davomida ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, kecha NATO Axborot va hujjatlar markazi matbuot xizmati xodimi Oksana Musiyenko NATOning Ukrainadagi missiyasi xodimlari Kiyevdan Lvov va Bryusselga ko‘chirilayotgani haqida aytgan.
Avvalroq, Kiyevdagi 30 ga yaqin xorijiy davlat elchixonalari Donbassdagi vaziyat jiddiy tus ola boshlagani ortidan, o‘z fuqarolariga Ukrainani tezroq tark etishni maslahat bergan edi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar - Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari 18 fevral kuni aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan.
Ukraina tarkibidan ajralib chiqish harakatidan bo‘lgan ikki hudud joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina harbiylari Donbassga hujum qilganini ro‘kach qilib, Kiyevni ayblamoqda. Ammo, rasmiy Kiyev LXR va DXR tomonidan Ukraina hududiga 60 marotaba o‘q uzilganini aytmoqda. Hatto, ba’zi hujumlar og‘ir artilleriyalar yordamida uyushtirilgani ma’lum qilinmoqda.
Ukraina hukumati mamlakat harbiylari sharqiy hududlarga hujum qilishni rejalashtirmaganini aytib, LXR va DXRni yolg‘on xabar tarqatishda ayblagan.
LXR va DXR hujum boshlangani ortidan o‘z fuqarolarini Rossiya hududiga evakuatsiya qila boshlagan.
Live
Barchasi