Rossiya maktablari xulq-atvorni baholashda sovetcha amaliyotga qaytadi
Olam
−
18 yanvar 10537 2 daqiqa
Rossiya Xalq ta’limi vazirligi maktablarda o‘quvchilarning xulq-atvorini baholashni nazarda tutuvchi buyruq loyihasini tayyorladi. Unga ko‘ra, Rossiyada joriy yil 1 sentyabrdan boshlab maktablarda o‘quvchilarning xulq-atvori uchun baho qo‘yish bo‘yicha sovet davridagi amaliyot qayta joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining federal portalida e’lon qilingan.
Loyiha matniga ko‘ra, ichki tartib-qoidalarga, jumladan, dars jarayonidagi intizomga rioya etilishi ustidan nazorat “o‘quvchilarning xulq-atvoriga baho qo‘yishni” ham o‘z ichiga olishi mumkin. Shuningdek, o‘quvchilar favqulodda holatlardan tashqari dars vaqtida mobil telefonlardan foydalanmaslikka majbur bo‘ladi. Agar hujjat tasdiqlansa, u 2026 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
Bungacha “Interfaks” vazirlik rahbari Sergeya Kravsovga tayanib, xulq-atvor uchun bahoni umumiy joriy etish masalasi 2026 yil aprel oyida tajriba natijalariga ko‘ra hal qilinishi haqida xabar bergan. Pilot loyiha 2025 yil 1 sentyabrda yettita hudud maktablarida ishga tushirilgan: Novgorod, Yaroslavl, Tula, Leningrad viloyatlari, Checheniston Respublikasi, Mordoviya Respublikasi hamda Ukrainaning bosib olingan Lugansk viloyati hududida. Tajriba o‘quv yilining oxirigacha davom etadi va 1–8-sinf o‘quvchilarini qamrab oladi.
Hududlarga baholashning uchta shaklidan birini tanlash taklif etilgan: besh balli tizim (“a’lo”, “yaxshi”, “qoniqarli”, “qoniqarsiz”), o‘tkazildi/o‘tkazilmadi shaklidagi baholash yoki uch balli tizim (“namunali”, “yo‘l qo‘yiladigan”, “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan”).
“Uchitel” kasaba uyushmasi raisi Dmitriy Kazakov tashabbusni tanqid ostiga olgan. Uning fikricha, xulq-atvor uchun baho qo‘yish maktablarda mavjud muammolarni, jumladan, nizolarni hal etish masalasini bartaraf eta olmaydi va bu “mo‘’jizaviy yechim izlashga urinish” bo‘lib, ijobiy natija berishi dargumon.
Live
Barchasi