Rossiya xorijliklarni Kiyevdan chiqib ketishga chaqirdi
Olam
−
11:19 3181 2 daqiqa
Rossiya Ukrainaning Kiyev shahriga “tizimli zarbalar”ning yangi to‘lqinini amalga oshirish bilan tahdid qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Moskva zarbalar “qaror qabul qilinadigan markazlar va qo‘mondonlik punktlari”, shuningdek, shahardagi dron ishlab chiqarish ob’ektlarini nishonga olishini bildirgan. Rossiya xorijiy fuqarolar va diplomatlarni Kiyevni “iloji boricha tezroq tark etishga” chaqirib, fuqarolarga ma’muriy va harbiy binolardan uzoq yurishni tavsiya qilgan.
Ukraina tomoni esa Rossiyaning bu tahdidlarini “uyatsiz shantaj” deb atab, G‘arb ittifoqchilarini Moskvaga bosimni kuchaytirishga chaqirgan.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya Kiyevni deyarli har hafta zarbalar ostida qoldirib kelmoqda va xavfsizlik tahdidi hali ham yuqori darajada saqlanib qolgan.
Joriy yilning 23 may kuni kechasi amalga oshirilgan yirik hujumlarda Kiyev va boshqa hududlarda 4 kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin odam jarohat olgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu haqda ma’lum qilgan.
Moskva esa bu zarbalarni Ukrainaning Starobelskdagi talabalar yotoqxonasiga uyushtirilgan hujumga javob deb atagan va u yerda 21 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Ukraina armiyasi esa bu ayblovni rad etib, o‘z kuchlari faqat Rossiya harbiy dron bo‘linmalarini nishonga olganini aytgan.
Rossiya Kiyevga qarshi urush boshlanganidan buyon deyarli har hafta yirik raketa va dron hujumlarini amalga oshirib kelmoqda. So‘nggi yillarda esa ayrim yirik zarbalarda 24 nafarigacha odam halok bo‘lgan holatlar qayd etilgan. Yaqinda Kiyev yana eng yirik havo hujumlaridan birini boshdan kechirdi, unda yuzlab dron va raketalar ishlatilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon suhbatida amerikalik diplomatlarni Kiyevdan olib chiqishni tavsiya qilgan. Rubio esa bunday yirik hujumlar urushni to‘xtatish zarurligini yana bir bor eslatishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina hududidagi harbiy boshqaruv ob’ektlari, aviabazalar va mudofaa-sanoat korxonalariga keng ko‘lamli “javob zarbasi” berilganini ma’lum qilgandi. Vayron qiluvchi hujumlarda “Oreshnik”, “Iskander”, “Kinjal” va “Sirkon” kabi raketa tizimlaridan foydalanilgani bildirilgan.