Rossiya xavfini yetarlicha baholay olmadik – Makron
Olam
−
02 Oktabr 9484 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Rossiyadan kelayotgan xavfni yetarlicha baholamaganini aytdi. Bu haqda u Germaniyaning “Frankfurter Allgemeine Zeitung” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Prezidentga ko‘ra, Rossiya terrorizm bilan bir qatorda yevropaliklar uchun eng katta tuzilmaviy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Makron Rossiyani saylovlarga aralashish, kiberhujumlar, muxoliflarni o‘ldirish va migratsion oqimlarni bosim vositasi sifatida ishlatishda ayblagan.
U, shuningdek, Rossiya Yevropa havo mudofaasini sinovdan o‘tkazayotgani va yadroviy doktrinasini o‘zgartirganini ta’kidlagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoatchilik fikriga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda, hatto Fransiyadagi choyshab chivinlari haqidagi mish-mishlargacha tarqatilgan.
Makronning fikricha, ochiq demokratik jamiyatlar axborot urushlariga zaif. U Rossiyaning “raqamli botlari” Yevropa demokratiyalarini manipulyatsiya qilayotganini qayd etgan. Fransiya rahbari Yevropa havo hududiga ruxsatsiz kirgan Rossiya harbiy samolyoti urib tushirilishi mumkinligini ham istisno etmagan, chunki Putinni doimiy noaniqlikda ushlab turish zarurligini aytgan.
Makron sanksiyalar Rossiyaga qarshi samarali ishlayotgani, ammo ularni yanada kuchaytirish uchun Rossiyaning taxminan 800 ta kemadan iborat “soya floti”ni nishonga olish kerakligini bildirgan.
Shuningdek, u Ukrainaga qisqa muddatli harbiy yordamni tezlashtirishga chaqirgan. Germaniya kansleri Fridrix Mersning Yevropa Ittifoqida muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasidagi pozitsiyasi haqida gapirar ekan, Makron bu mablag‘larni oddiygina musodara qilib bo‘lmasligini, chunki bu xalqaro huquqni buzishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya hukumati Ukrainaga 110 million dollardan ortiq qiymatga ega yangi qishki yordam paketini taqdim etishi haqida xabar berilgandi.