Rossiya ish joylaridagi migrantlar ulushini kamaytirmoqchi
Olam
−
18 avgust 2025 5228 2 daqiqa
Rossiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi 2026 yilda ish joylarida mehnat migrantlari ulushini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda idora saytida xabar berildi.
Vazirlik taklifiga ko‘ra, chet ellik ishchilar ulushi to‘qqizta iqtisodiy faoliyat turida qisqartiriladi, ayrim sohalarda esa u butunlay yo‘q qilinadi. Masalan, alkogol va tamaki mahsulotlari chakana savdosida. Tegishli hukumatning qaror loyihasida, shuningdek, qurilish sohasida migrantlar ulushi 2026 yilda 50 foizdan oshmasligi (2025 yilda bu ko‘rsatkich 80 foizgacha), umumiy ovqatlanish muassasalarida esa kamida yarmidan ko‘p ish o‘rinlari faqat rossiyaliklarga berilishi taklif etilgan.
Qaror loyihasida sabzavot yetishtirish, yog‘och xomashyosi va o‘rmon mahsulotlari ulgurji savdosi, o‘rmonchilik va o‘rmon xo‘jaligi, yog‘ochni qayta ishlash hamda yog‘ochdan mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida migrantlar ulushi 40 foizdan oshmasligi belgilangan (avval bu ko‘rsatkich 50 foizgacha edi).
Bundan tashqari, unda Rossiyaning 29 ta hududida mintaqaviy o‘ziga xosliklar belgilash nazarda tutilgan. Ulardan 14 tasida ayrim faoliyat turlarida chet ellik ishchilar ulushi pasaytirilmoqda. Ular orasida Udmurtiya Respublikasi, Zabaykal, Krasnoyarsk va Primorsk o‘lkasi, Yahudiy avtonom viloyati, Amur, Novosibirsk, Orenburg, Orlov, Samara, Tver, Tula, Ulyanovsk va Chelyabinsk viloyatlari qayd etilgan.
Eng qattiq cheklovlar Amur viloyati uchun taklif etilgan. Bu yerda xorijliklarga qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, texnika ta’miri, veterinariya va qimmatbaho metallar qazib olish sohalarida ishlash taqiqlanadi. Ushbu faoliyat turlarida chet ellik ishchilar ulushi 0 foiz qilib belgilanadi. Yahudiy avtonom viloyatida migrantlarning chakana savdoda ishlash ulushi 50 foizgacha cheklanadi, yo‘lovchi tashish va taksi xizmatlarida esa to‘liq taqiq joriy etiladi. Chukotka avtonom okrugida ko‘chmas mulkni boshqarish sohasida kvota 25 foiz etib belgilanadi.
Rossiya hukumatining qaror loyihasiga ko‘ra, Zabaykal o‘lkasida qazib olish kompaniyalarida xodimlarning 80 foiz gacha qismini xorijlik mutaxassislar tashkil qilishi mumkin. Xuddi shunday daraja Kamchatka o‘lkasidagi qurilish tashkilotlari uchun ham belgilangan. Shu bilan birga, Primore o‘lkasida sport sohasida va xonadonlardagi xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida migrantlarni jalb etish butunlay taqiqlanadi.
Bungacha Rossiya Mehnat vazirligi xorijdan viza orqali mamlakatga kelgan chet elliklarni rus tilini bilmasdan turib rossiyalik fuqarolar bilan muloqot qilishni talab qiladigan lavozimlarga qabul qilishni cheklashni ham taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida patent bilan ishlovchi mehnat migrantlariga ya’ni, asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonliklarga taksichilik va kurerlik qilish taqiqlanishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi