Rossiya Finlyandiya biqinida yirik harbiy baza qurmoqda

Olam

image

Rossiya Kareliyada – Finlyandiya chegarasidan bor-yo‘g‘i bir necha o‘n kilometr uzoqlikda yangi harbiy shaharcha qurishni boshladi. Bu haqda finlyandiyalik harbiy ekspert va sobiq razvedka ofitseri Marko Eklun hamda sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, “Yle” xabar berdi.  

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Petrozavodsk yaqinidagi Novaya Vilga qishlog‘ida allaqachon o‘ntacha yirik kazarma binolari qad rostlamoqda. Ushbu bo‘lajak ob’ekt so‘nggi o‘n yilliklar ichida Finlyandiya chegarasi yaqinida qurilgan eng yirik Rossiya garnizonlaridan biriga aylanishi mumkin. 

Qurilishning faol bosqichi 2026 yilning bahorida boshlangan. Hududni tayyorlash ishlari esa o‘tgan yilning oxiridayoq yo‘lga qo‘yilgan: noyabr oyida ilk bor daraxtlarni kesish holatlari qayd etilgan, shundan so‘ng qishda maydonda keng ko‘lamli yer qazish ishlari boshlab yuborilgan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, ishlar jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda. Bo‘lajak harbiy shaharcha hududida allaqachon yangi infratuzilma ob’ektlari, jumladan, yirik kazarma komplekslari shakllantirilmoqda.

Finlyandiyalik kuzatuvchilarning qayd etishicha, loyiha miqyosi mintaqadagi avvalgi harbiy ishlardan sezilarli darajada farq qiladi, chunki ular ilgari asosan Sovet davridan qolgan ob’ektlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bilan cheklanib kelar edi. Ularning baholashicha, yangi garnizon so‘nggi o‘n yilliklar ichida Rossiya tomonidan Finlyandiya chegarasi yaqinida qurilgan eng yirik harbiy ob’ektlardan biri bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya Harbiy-dengiz kuchlari Fin qo‘ltig‘ida – Rossiya chegarasi yaqinida “Narrow Waters 26-1” mashg‘ulotlarini o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing