Rossiya Falastin-Isroil mojarosini hal etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqchi

Olam

image

Rossiya Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni mintaqaviy vazirlar darajasida hal qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Federatsiyaning Isroildagi elchisi Anatoliy Viktorov ma’lum qildi

“Gap mintaqadagi barcha mamlakatlar vazirlari darajasidagi uchrashuv to‘g‘risida bormoqda. G‘oyalar okean ortidan tashlanmasligi kerak va mintaqaviy kuchlar bu yerda muhim rol o‘ynashi lozim”, deydi elchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH bu vaziyatga aralashuvi masalani yanayam chigallashishiga olib keladi.

“Bizning sobiq hamkorimiz (AQSH  – tahr.) bu vaziyatda idish-tovoq do‘konidagi fil kabi harakat qilmoqda. Bu nafaqat idishlar sinishiga, balki javonlarga ham ziyon yetishiga olib kelishi mumkin”, deydi Viktorov.

Rossiya elchisi shuningdek, Falastinning siyosiy va tashkiliy birligini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan. 

“Bu mintaqada tinchlik o‘rnatish va uni yanada mustahkamlash muammolaridan biri hisoblanadi”, deydi diplomat.

Falastin-Isroil mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya elchi Falastin-Isroil vazirlar uchrashuvi Anatoliy Viktorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing