Rossiya armiyasiga yollangan turkmanistonliklar soni ochiqlandi

Olam

image

Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 122 nafar Turkmaniston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. Ro‘yxat loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, 122 nafar Turkmaniston fuqarosi 2025 yilning dastlabki 6 oyida Rossiya tomonidan urushda qatnashish uchun yollangan. Bu haqda xorijiy yollanma askarlar haqida olib borilayotgan muntazam nashrlar doirasida ma’lum qilingan. 

Turkmaniston hukumati Rossiyaning yollash harakatlariga qarshi choralar ko‘rayotganiga qaramay, rossiyaliklar Turkmaniston fuqarolarini hujumchi bo‘linmalarga jalb qilishda davom etmoqda. Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga qaraganda Turkmanistondan yollanganlarning soni eng kam bo‘lsa-da, 2023 yildan boshlab ularni jalb qilish sur’ati yildan yilga oshmoqda.

“Rossiya bunday yollash jarayonida asosan fuqarolik berishni “savdo vositasi” sifatida ishlatmoqda. Har qanday shaxs shartnoma imzolab, Ukrainadagi noma’lum hududlarda jang qilishga rozi bo‘lsa, unga pul va Rossiya fuqaroligi taklif etilmoqda. Pul va pasport yollanma askarlar uchun asosiy sabab bo‘lib qolmoqda”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlash joizki, yollanganlarning aksariyati o‘z pullaridan foydalana olmagan yoki Rossiya fuqarosi sifatida beriladigan “imtiyozlardan” bahramand bo‘lolmagan. 

“Ularni frontga yuborayotgan qo‘mondonlar oddiy askarlarning ommaviy halok bo‘lishiga befarq, Osiyo mamlakatlaridan yollanganlarni esa umuman bir martalik kuch sifatida ko‘radi. Ular uchun orqa qismlarda, shtablarda yoki blokpostlarda joy ajratilmaydi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, Ukraina hukumati barcha mamlakatlarni, fuqarolari Rossiya tomonidan yollanayotgan davlatlarni va jahon hamjamiyatini bu “jinoyatkorona amaliyot”ni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xorijiy fuqarolarga Rossiya armiyasiga qo‘shilmaslikni qat’iy tavsiya etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu loyiha doirasida Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifi e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Turkmaniston Xochu jit'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing