Rossiya 384 nafar yapon parlamentariga qarshi sanksiya joriy qildi
Olam
−
15 iyul 2022
4837Rossiya Yaponiya parlamenti Vakillar palatasining (quyi palata) 384 nafar deputatini qora ro‘yxatga kiritdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bugun, 15 iyul kuni tarqatgan bayonotida aytiladi.
“2022 yil aprel oyida Yaponiya hukumati tomonidan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi deputatlarining katta guruhiga nisbatan shaxsiy sanksiyalar kiritilishi munosabati bilan 14 iyuldan 384 nafar deputatning Rossiyaga kirishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi a’zolari Rossiyaga qarshi nodo‘stona pozitsiyani egallab, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya kontekstida mamlakatimizga qarshi asossiz ayblovlar qo‘ymoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiya diplomatik departamenti o‘z veb-saytida Rossiya Federatsiyasiga kirishi taqiqlangan yapon parlamentariylarining ism-shariflari ro‘yxatini ham e’lon qildi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi: hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) raisi o‘rinbosari, sobiq Bosh vazir (2008-2009 yillarda) Taro Aso, Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi o‘rinbosari Seydzi Kixara, sobiq Bosh vazir Yosixide Suga (2020-2021 yillarda LDPdan) va Yoshixiko Noda (2011-2012, Demokratik partiyadan).
Bundan tashqari, sobiq Mudofaa vazirlari Tomomi Inada, Sigeru Isiba, Gena Nakatani, sobiq mudofaa vaziri va sobiq tashqi ishlar vaziri Taro Kono, LDP yetakchilaridan biri Tatsuo Fukuda, sobiq bosh vazir Dzyun’itiro Koidzumining o‘g‘li – hukmron Liberal-demokratik partiyaning taniqli arbobi Sindziro Koidzumi nisbatan sanksiyalar joriy etildi.