Rossiya harbiylari Estoniya hududiga kirdi (video)

Olam

image

Kecha, 17 dekabr kuni ertalab Rossiyaning uch nafar chegara qo‘riqchisi mamlakat sharqida joylashgan Estoniya hududiga kirib borgan. Bu haqda Estoniya Ichki ishlar vaziri Igor Taroga tayanib, ERR xabar berdi. 

Taroning aytishicha, hodisa videokuzatuv kamerasida qayd etilgan. Estoniya Politsiya va chegara qo‘riqlash departamenti (PPA) ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik chegara xodimlari Narva daryosi orqali Vasknarva porti moliga (port hududida quriladigan gidrotexnik inshoot) borgan. Ushbu molning bir qismi Estoniya, bir qismi esa Rossiya hududida joylashgan. Ular qirg‘oqqa tushib, piyoda mol bo‘ylab yurgan, nazorat chizig‘ini kesib o‘tgan va keyin yana ortga qaytgan. Shundan so‘ng ular qayiqqa o‘tirib, Rossiya qirg‘og‘iga yo‘l olgan.

“Bloomberg”ning Estoniya rasmiylariga tayanib yozishicha, chegara qo‘riqchilari mamlakat hududida taxminan 20 daqiqa bo‘lgan. Taro ularni qo‘lga olishga ulgurilmaganini bildirgan.

“Biz ularning ortidan Rossiya hududining ichkarisiga kira olmaymiz”, deydi Taro.

Estoniya Ichki ishlar vaziri rossiyalik chegarachilarning harakati sabablari noma’lumligini bildirgan va bugun, 18 dekabrda ikki davlat vakillari o‘rtasida uchrashuv rejalashtirilganini, Tallin Moskva tomonidan tushuntirish kutayotganini ma’kum qilgan. ERR xabariga ko‘ra, Estoniya TIV Rossiya elchixonasining muvaqqat ishlar vakilini chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya mamlakatning janubi-sharqida Rossiya bilan chegara bo‘ylab ilk beton bunkerlarni o‘rnatishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. Yil oxirigacha rasmiylar jami 28 ta bunker joylashtirishni rejalashtirmoqda. Ushbu inshootlar Yevropa Ittifoqi va NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash maqsadida yaratilayotgan 600 ta boshpanadan iborat tarmoqning birinchi liniyasini tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya chegara Estoniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing