Rossiya Ukrainaga yana raketa hujumlarini uyushtirdi. Qurbonlar bor
Olam
−
16 aprel 3323 2 daqiqa
Joriy yilning 16-aprelga o‘tar kechasi Rossiya harbiy kuchlari Kiyevga yirik raketa hujumini uyushtirdi. Oqibatda 15 kishi halok bo‘ldi va 90 dan ortiq kishi yaralandi. Bu haqda “Thye Moscow Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, turar-joy binolari vayron bo‘lgan va Ukraina poytaxtining to‘rtta tumanida ko‘plab yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan va yana 48 kishi jarohat olgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko jarohatlanganlarning 26 nafari shifoxonaga yotqizilganini, qolganlarga esa, voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilganini ta’kidlagan. Podolsk tumanidagi bino vayronalari ostida 12 yoshli bolaning jasadi topilgan. Klichkoning aniqlik kiritishicha, u yerda yana ikki qurbonning jasadi ham aniqlangan.
Shuningdek, Odessa ham kuchli raketa va dron hujumlariga uchragan. Harbiy ma’muriyat rahbari Sergey Lisakning so‘zlariga ko‘ra, 8 kishi halok bo‘lgan va 16 kishi jarohatlangan. Hujum Xojibey tumanidagi infratuzilma va turar-joy binosiga zarar yetkazgan. Portlash to‘lqini bir nechta binolarda 300 dan ortiq derazalarni sindirib yuborgan.
Xabarga ko‘ra, Dnepr ham zarbaga uchragan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida shaharga dronlar, raketalar va artilleriya bilan hujum qilishgan. Uch kishi halok bo‘lgan va 34 kishi jarohatlangan. Otishma paytida turar-joy binolari, ofis va ma’muriy binolar, biznes va transport vositalari zarar ko‘rgan.
Aytilishicha, Rossiya qo‘shinlari Xarkovga ham hujum qilgan. Xarkov meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, dron hujumlari natijasida ikki kishi jarohat olgan. Bir nechta xususiy uylar shikastlangan, ko‘p qavatli turar-joy binosi yaqinida mashinalar yonib ketgan va gaz quvuri uzilgan.
Ma’lumot uchun, Ukraina shaharlariga qilingan bu hujum qish oxiridan beri amalga oshirilgan eng katta hujumlardan biri hisoblanadi. O‘shanda Rossiya harbiy kuchlari mamlakatning energetika infratuzilmasiga muntazam ravishda hujumlar uyushtirgan edi. Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari Ukrainaga 44 ta raketa va 659 ta turli xil dronlarni uchirgan. Havodan mudofaa vositalari 31 ta raketa va 636 ta dronni urib tushirgan. "26 ta joyda 12 ta raketa va 20 ta hujumchi uchuvchisiz uchish apparatlarining zarbalari, shuningdek, 25 ta joyda vayronalarning urilishi qayd etilgan", deb xabar bergan Ukraina harbiy-havo kuchlari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 aprelga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaning muhim neft konlariga zarba bergan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust