Asr to‘yi: Ronalduning nikoh marosimi qanday o‘tadi?
Sport
−
11:43 3048 2 daqiqa
Bugun, 8 avgust kuni 2026 yilning eng shov-shuvli va hashamatli to‘ylaridan biri shu hafta oxirida bo‘lib o‘tishi taxmin qilinmoqda. Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges Portugaliyaning Madeyra orolida turmush qurishi kutilmoqda. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Juftlik 2016 yilda Madriddagi Gucci do‘konida tanishgan. O‘sha paytda Jorjina savdo maslahatchisi bo‘lib ishlagan. U keyinchalik Ronaldu bilan munosabatlari “bir ko‘rishdagi muhabbat”dan boshlanganini aytgan.
41 yoshli Ronaldu o‘tgan yozda Jorjinaga turmush qurishni taklif qilgan. Rodriges Instagram sahifasida qiymati taxminan 3 million funt sterlingga baholangan nikoh uzugini namoyish etgan edi. Portugaliyalik futbolchi ham avvalroq Jorjinaga uylanishiga “1000 foiz ishonch” bildirgan.
Hozirda asosan Saudiya Arabistonida istiqomat qiladigan juftlikning nikoh marosimi Ronaldu tug‘ilib o‘sgan Madeyra orolida o‘tkaziladi.
Mahalliy OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, orol poytaxti Funshaldagi sobor bugun, 8 avgust kuni yirik to‘y marosimi uchun band qilingan. Taxminan 800 kishini sig‘dira oladigan soborda Jorjina va Ronalduning nikoh marosimi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Shundan so‘ng, juftlik va mehmonlar sobordan bor-yo‘g‘i besh daqiqalik avtomobil yo‘lida joylashgan besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasiga yo‘l olishadi. Xabarlarga ko‘ra, to‘y ziyofati aynan shu yerda tashkil etiladi.
Ronalduning boyligi taxminan 1,4 milliard dollarga baholanadi. Shu bois futbol yulduzi va Jorjinaning to‘yi ham yuqori darajadagi hashamat bilan o‘tishi kutilmoqda.
Savoy Palace Madeyradagi eng nufuzli mehmonxonalardan biri hisoblanadi. Majmuada 6 ta basseyn, spa, bir nechta restoran va Atlantika okeaniga panoramali manzara ochiladigan hashamatli xonalar mavjud.
Ronaldu va uning oilasi avval ham ushbu mehmonxonada ko‘rinish bergan. Juftlikning mehmonxonaning yuqori qavatlarida joylashgan The Reserve nomli hashamatli qismida qolishi taxmin qilinmoqda. U yerda bir kechalik narx 1100 funt sterlingdan boshlanadi.
Mehmonxonada yirik tantanalar uchun mo‘ljallangan Grand Ballroom ham mavjud bo‘lib, u 1000 nafargacha mehmonni qabul qila oladi. Shuningdek, binoning tom qismida joylashgan Galáxia restorani, basseynlar va turli hashamatli dam olish hududlari bor.
Qizig‘i, Ronalduning Atlantika okeaniga qaragan yetti qavatli, bir necha million funt sterlingga baholanadigan shaxsiy uyi ham mehmonxona yaqinida joylashgan. Shunga qaramay, juftlik to‘ydan keyin do‘stlari va yaqinlari bilan birga Savoy Palace’da qolishi kutilmoqda.
Ronaldu va Jorjina hozircha to‘yning sanasi va o‘tkaziladigan joyi haqida rasman ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronalduning to‘y marosimiga Messini ham taklif qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi