Ronaldu Messini yana bir “musobaqa”da ortda qoldirdi
Sport
−
07 Sentabr 12925 2 daqiqa
Kecha, 6 sentyabr kuni Jahon chempionatining saralash bosqichida Portugaliya Armanistonni yirik – 5:0 hisobida mag‘lub etdi va o‘yinda portugaliytalik futbolchi Krishtianu Ronaldu yana bir tarixiy natijani qayd etdi.
Uchrashuvdagi eng qiziq jihat shundaki, barcha gollar aynan Saudiya Arabistoni Pro Ligasida to‘p surayotgan futbolchilar tomonidan urildi. Joao Feliks va Krishtianu Ronaldu ikkitadan gol urib, dubl qayd etgan bo‘lsa, yana bir golni Joao Kanselu kiritdi. Shuningdek, Kanselu bitta golli uzatma berdi.
Qayd etish joiz, hozirda Joao Feliks va Krishtianu Ronaldu “Al-Nasr” safida to‘p surmoqda, Joao Kanselu esa “Al-Hilol” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Shu tariqa, Portugaliya yirik g‘alabasining bosh qahramonlari Saudiya chempionatida o‘ynayotgan futbolchilar bo‘ldi.
Ushbu o‘yin Krishtianu Ronaldu uchun tarixiy ahamiyatga ega, chunki Ronaldu Jahon chempionati saralash bosqichlarida urilgan gollar sonini 37 taga yetkazib, Lionel Messini (36 ta gol) ortda qoldirdi va ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Endi esa Ronaldu uchun Karlos Ruisning 39 ta gol bilan o‘rnatgan mutlaq rekordini yangilashga atigi 2 ta gol kifoya qiladi.
Bundan tashqari, Ronaldu umumiy professional karerasidagi gollar sonini 942 taga yetkazdi. Minginchi gol marrasigacha esa unga bor-yo‘g‘i 58 ta gol qolmoqda. Futbol tarixida minglik dovonga chiqish juda kamdan-kam futbolchilarga nasib etadi va hozircha bunday imkoniyat faqat Ronalduning oldida turibdi.
Live
Barchasi