Ronaldu eng yaxshi yosh futbolchini tanlashdan bosh tortdi

Sport

image

Joriy yilning 22 sentyabr kuni Lamin Yamal ketma-ket ikkinchi marotaba yilning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun topshiriladigan “Kopa Trophy” sovrinini qo‘lga kiritdi. Ushbu mukofot uchun Lionel Messining qaysi futbolchilarga ovoz bergani ma’lum bo‘ldi. Krishtianu Ronaldu esa ovoz berishdan bosh tortgan. Bu haqda “Sports Illustrate” nashri xabar berdi.

Har yili “France Football” tomonidan o‘tkaziladigan “Oltin to‘p”ni topshirish marosimida 21 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchiga “Kopa Trophy” sovrini beriladi. Mazkur mukofot birinchi marotaba 2018 yilda erkaklar uchun taqdim etilgan va 2024 yildan boshlab ayollarga ham topshirish an’anaga aylangan.

Sovrin uchun kurashda Yamal 124 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi pog‘onani PSJ bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan Dezire Due 72 ochko bilan band etgan bo‘lsa, Joau Nevesh va Estevao 23 ochko bilan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarga loyiq ko‘rildi.

“Oltin to‘p” yoki Lev Yashin kubogidan farqli o‘laroq, “Kopa Trophy”sovrini g‘olibini faqatgina “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan futbolchilargina aniqlab beradi. Ularning har biri uchta o‘yinchini tanlab, besh, uch va bir ball bilan baholaydi. Bu esa Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi afsonalarga eng yorqin yosh iqtidorni e’tirof etish imkonini beradi.

Messi “Barselona”ning 18 yoshli iste’dod egasiga ishonchini saqlab qolgan holda 5 ochkoni Yamalga berdi. U PSJ a’zosi Dueni ikkinchi o‘ringa qo‘ydi va so‘nggi ochkoni “La Masiya”ning yana bir tarbiyalanuvchisi Pau Kubarsiga berdi.

“Oltin to‘p”ni rekord darajada qo‘lga kiritgan Messi 2024 yilda ham xuddi shunday tarzda ovoz bergan. Biroq Lionel Kubarsini ikkinchi, “Manchester Yunayted” vingeri Alexandro Garnachoni esa uchinchi o‘ringa joylashtirgan edi.

Ronaldu “Oltin to‘p” sovrindorlari orasida ovoz berish jarayonida ishtirok etmagan kam sonli g‘oliblardan biri bo‘ldi. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, portugaliyalik yulduz bilan birga Angliya afsonasi Kevin Kigan va Fransiya futboli ramzi Mishel Platini ham ovoz berishdan bosh tortgan.

Bu qaror Ronalduning yaqinda bildirgan fikrlariga mos keladi. U individual futbol mukofotlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgani va endi bu mukofotlarni tan olmasligi haqida aytgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Messi singari, u ham kelajakda “Kopa Trophy” sovrini uchun ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan saralangan guruh a’zosi bo‘lib qoladi.

Ma’lumot uchun, Lamin Yamal “Oltin to‘p” uchun kurashda 1059 ochko bilan Usmon Dembeledan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Jahongir Inomjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ronaldu Lamin Yamal' yosh futbolchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing