Rivojlanishingiz uchun barcha zarur sharoitni yaratishga tayyormiz – Saida Mirziyoyeva AQSH biznesiga (video)

Jamiyat

−

image

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Amerika biznesiga murojaat qilib, O‘zbekiston ularining biznesi muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitni yaratishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u joriy yilning 19 oktyabr kuni Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Janob Davlat kotibi, Markaziy Osiyoga ilk tashrifingizni aynan O‘zbekistondan boshlaganingizdan mamnunmiz, xush kelibsiz! Biz buni katta ehtirom deb bilamiz.

Aprel oyida bizni Vashingtonda qabul qilgan edingiz. Bugun esa cizga munosib mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan baxtiyormiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u o‘z nutqida o‘zbek mehmondo‘stligining o‘ziga xos bir “xususiyati” haqida gapirgan.

“Sizni oldindan ogohlantirib qo‘ymoqchiman: o‘zbek mehmondo‘stligining o‘ziga xos bir “xususiyati” bor – mehmonlarimiz rejalashtirganidan uzoqroq qolib ketadi. Umid qilamizki, Amerika biznesi uchun ham O‘zbekiston xuddi shunday qadrdon bo‘lib qoladi.

Muhtaram Prezident, Vashingtonda Prezident Tramp bilan uchrashganingizda, yirik bir tashabbusga asos solishga kelishib olgandingiz. So‘ngra mazkur Kengash oldiga qisqa va aniq qilib, vazifa qo‘ydingiz: “Natija bo‘lsin!” deydi Saida Mirziyoyeva.

Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi rahbari AQSH ma’muriyatining ham, O‘zbekiston jamoasining ham ish uslubi aynan shunday: kamroq so‘z, ko‘proq amaliy natija ekanini qayd etgan.

“Biz Amerika tomoniga shunchaki navbatdagi bir qo‘mita emas, balki amalda ishlaydigan mexanizm yaratishni va’da qilgan edik.

Iyun oyida Toshkentga qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi tashrif buyurdi — bu rekord.

To‘rt oy o‘tib, Davlat kotibi boshchiligida yana 100 ga yaqin AQSH kompaniyasi keldi. Hamkorligimizdagi rekordlar tez yangilanyapti va bu bizni faqat quvontiradi.

Shu vaqt ichida bir muhim haqiqatni angladik: biznes qoidalar aniq, eshiklar ochiq va qo‘ng‘iroqlarga darhol javob beriladigan joyga intiladi. Shu bois biz doimo aloqada bo‘ladigan va murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan hamkor bo‘lishga intilmoqdamiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Bundan tashqari, u qoidalar tadbirkorlar so‘rovi bo‘yicha o‘zgartirilganini bildirgan.

“Tadbirkorlar so‘ragani uchun biz qoidalarni o‘zgartirdik. Endi savdo har ikki yo‘nalishda ham rivojlanmoqda: O‘zbekiston investitsiyalari AQSHda yangi ish o‘rinlarini yaratishga, mahsulotlarining xaridi esa Amerika sanoat korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Halol sheriklikning mohiyati shunda: har ikki tomon ham manfaat ko‘rishi kerak.

Shu bois, bugun cizlarga va’da beramiz: bu yerdagi har bir kompaniyaga bevosita muloqot uchun mas’ul odam biriktiriladi va Sizlar ko‘targan biror muammo hamraislarning e’tiboridan chetda qolmaydi”, deydi Prezident Administratsiyasi.

Shuningdek, u Marko Rubioga murojaat qilib, Jekson-Venik tuzatishi masalasiga ham to‘xtalgan.

“Janob Davlat kotibi, siz Jekson-Venik tuzatishini o‘tmishdagi “Sovuq urush sarqiti” deb atadingiz. Biz bu fikrga to‘liq qo‘shilamiz va bu cheklov tezroq bekor qilinishidan mamnun bo‘lamiz. U bekor qilingan kunning ertasidanoq mazkur Kengash yangi marralarga shay bo‘ladi.

Vashingtonda endi shunchaki “imkoniyatlar” haqida gaplashish davridan o‘tganimizni aytgandik.

Bugun Sizdan ham xuddi shuni so‘rayman: bizga aniq loyiha bilan keling yoki muammoingizni olib keling — ikkisini ham qabul qilishga tayyormiz.

O‘zbekistonni tanlaganingiz uchun tashakkur!” deydi Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing