Pahlaviy Eronda hokimiyatni qo‘lga olsa, Isroil tan olinishini aytdi (video)

Olam

image

Eron so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, muxolifat vakili Rizo Pahlaviy Islomiy rejim qulagan taqdirda Eronning harbiy yadroviy dasturi tugatilishi, AQSH bilan munosabatlar normallashtirilishi va Isroil davlatini darhol tan olinishini ma’lum qildi. Bu haqda u X sahifasida aytdi.  

Pahlaviyning fikricha, “erkin Eron” hukumati yadroviy harbiy dasturdan voz kechib, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va ekstremistik islomga qarshi kurashda xalqaro hamkorlar bilan kelishuvda ishlaydi. 

“Xavfsizlik va tashqi siyosat sohasida Eronning harbiy yadroviy dasturi tugatiladi. Terrorchi guruhlarga ko‘mak ham to‘xtatiladi. Erkin Eron terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va ekstremistik islomga qarshi kurashda mintaqaviy va global hamkorlar bilan birga harakat qiladi”, degan u. 

 

Shuningdek, uzoq yillardan beri dunyoviy va demokratik Eron tarafdori bo‘lib kelayotgan “valiahd shahzoda” yangi hokimiyat AQSH hamda Isroil bilan munosabatlarini yaxshilashini va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini aytib o‘tgan. 

“Diplomatiyada AQSH bilan munosabatlar normallashtiriladi va Amerika hamda uning xalqi bilan do‘stlik aloqalari tiklanadi. Isroil davlati darhol tan olinadi. Biz Ibrohim kelishuvlarini “Kir II kelishuvlari”ga kengaytirishga intilamiz – bu erkin Eron, Isroil va Arab dunyosini birlashtiradi”, degan Pahlaviy X da. 

Eron hukumati yoki AQSH rasmiylari hozircha bu bayonotga munosabat bildirmagan. 

Taklif etilgan “Kir II kelishuvlari” nomi qadimgi Fors podshohi Buyuk Kir II ga ishora qiladi. U miloddan avvalgi 539 yilda yahudiylarni Bobil asoratidan ozod qilgan va Quddusdagi Ma’badni qayta tiklashga ruxsat bergan. Pahlaviy so‘nggi yillarda ushbu tarixiy merosga tez-tez murojaat qilib, Eron-Isroil munosabatlarini tiklash g‘oyasini ilgari surib kelmoqda. U bu tashabbusni 2020 yilda Isroil va bir qator arab davlatlari o‘rtasida imzolangan Ibrohim kelishuvlarining davomi sifatida ko‘radi. 

Islom Respublikasi 1979 yildan beri hokimiyatda. Pahlaviy o‘zini rejim almashuvi tarafdorlari orasidagi yetakchi shaxslardan biri sifatida ko‘rsatib, amaldagi hukumat Eron xalqini ifodalamasligini va “Hizbulloh” hamda HAMAS kabi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati mamlakatni xalqaro maydonda yakkalab qo‘yganini ta’kidlaydi. 

Ma’lumot uchun, Rizo Pahlaviy hozirgi kunda surgunda yashaydi va Eron ichidagi hamda xorijdagi tarafdorlari bilan aloqa qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rizo Pahlaviy mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari yangi bosqichga o‘tayotganini aytib, eronliklarga ularning yolg‘iz emasligini va yaqin vaqt ichida chetdan yordam kelishini ma’lum qilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil Rizo Pahlaviy yadroviy dastur Ibrohim kelishuvlari “Kir II kelishuvlari” “erkin Eron”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing