“Real” Valverde va Tchuameni janjali yuzasidan tekshiruv boshladi
Sport
−
08 may 1893 2 daqiqa
“Real Madrid” klubi urugvaylik yarim himoyachi Federiko Valverde va fransiyalik futbolchi Orelen Tchuameniga nisbatan intizomiy ish ochilganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Klub bayonotida aytilishicha, qaror asosiy jamoa mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan voqealardan keyin qabul qilingan.
“Bugun ertalab asosiy jamoa mashg‘ulotlari paytida sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng, futbolchilarimiz Federiko Valverde va Orelen Tchuameni ustidan intizomiy ish qo‘zg‘atildi. Klub ichki tartib-qoidalar yakunlangach, har ikki holat bo‘yicha qarorlarni o‘z vaqtida e’lon qiladi”, deyiladi “Real Madrid” bayonotida.
Avvalroq OAVda Valverde va Tchuameni mashg‘ulot bazasida o‘zaro tortishib qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘pollik sabab kelib chiqqan mojaro futbolchilarning bir-birini itarishi va janjallashishi bilan davom etgan. Oradan bir kun o‘tib vaziyat yanada keskinlashgani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, mojaro vaqtida boshqa futbolchilar aralashishga majbur bo‘lgan, oqibatda Federiko Valverde jarohat olib, shifoxonaga yuborilgan. Shundan so‘ng “Real Madrid” rahbariyati favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan.
OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki futbolchi 3 ta o‘yindan 20 tagacha muddatga diskvalifikatsiya qilinishi, shuningdek, maoshining bir qismi ushlab qolinishi mumkin. Bundan tashqari, klub ichki intizomiy jazo choralarini ham qo‘llashi ehtimoldan xoli emas.
Ta’kidlash joiz, La Liga 35-turida “Real Madrid” safarda “Barselona”ga qarshi maydonga tushadi. Agar madridliklar ushbu bahsda ochko yo‘qotsa, kataloniyaliklar muddatidan oldin Ispaniya chempionligini rasmiylashtiradi.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Federiko Valverde 2018 yildan beri “Real Madrid” safida o‘ynab kelmoqda. U klub bilan uch marta La Liga, ikki marta Chempionlar ligasi, bir marta Qirol kubogi va ikki bor UEFA Superkubogida g‘olib chiqqan.
26 yoshli Orelen Tchuameni esa, 2022 yilda “Monako”dan “Real Madrid”ga ko‘chib o‘tgan. U madridliklar safida La Liga, Chempionlar ligasi, Qirol kubogi va ikki marta UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.