Raneri Italiya terma jamoasini boshqarishga tayyorligini bildirdi

Sport

image

Murabbiylik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan Klaudio Raneri Italiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yoki menejeri lavozimini egallashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u “Sky Sport” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Raneri 2025 yil yozida Italiyani boshqarish imkoniyatidan voz kechgandi. Shundan so‘ng, u “Roma” klubida yuqori maslahatchi sifatida faoliyat yuritdi. Aprel oyida esa, poytaxt klubini tark etdi.

“Oldin “Roma”dagi faoliyatim sababli rad javobini bergandim, chunki ikkisini birlashtira olmasdim. Hozir esa bo‘shman, shuning uchun taklifni ko‘rib chiqishim mumkin”, deydi Raneri.

Italiya terma jamoasining avvalgi bosh murabbiyi Jennaro Gattuzo joriy yilning 3 aprel kuni terma jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqa olmaganidan keyin iste’foga chiqqandi.

74 yoshli Raneri murabbiylik faoliyati davomida 2009–2011, 2019 va 2024–2025 yillarda “Roma”ni boshqargan. Shuningdek, u “Kalyari”, “Napoli”, “Fiorentina”, “Parma”, “Yuventus”, “Inter” va “Sampdoriya” klublarida ishlagan.

Bundan tashqari, Raneri “Chelsi”, “Fulxem”, “Uotford” hamda 2016 yilda Angliya Premer-ligasi chempionligini qo‘lga kiritgan “Lester Siti” jamoalariga ham murabbiylik qilgan.

U, shuningdek, “Valensiya”, “Atletiko Madrid”, “Monako”, “Nant” hamda Gretsiya terma jamoasida ham faoliyat olib borgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov Klaudio Raneri bilan asosan “Kalyari” va “Roma” klublarida birga ishladi. Ularning hamkorligi taxminan bir yarim mavsum davom etdi.

Shomurodov ayniqsa Raneri boshqaruvidagi “Roma”da o‘zining eng yaxshi davrlaridan birini o‘tkazdi. 2024/25-yilgi mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi barcha musobaqalarda 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta assist qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya Klaudio Ran'eri Jennaro Gattuzo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing