Putinning Qora dengiz bo‘yidagi milliard dollarlik bunkeri oshkor qilindi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qora dengiz bo‘yidagi milliard dollarlik hashamatli bunkeri oshkor qilindi. Bu haqda “Business Insider” xabar berdi

Qayd etilishicha, Aleksey Navalniyning jamoasi davlat rahbariga tegishli barcha qulayliklarga ega bunker haqida ma’lum qilgan. Bunker 190 ming kvadrat/metr maydonni egallagan bo‘lib, uning o‘z cherkovi, vino ombori va kazinosi ham bor. Unda, shuningdek, striptiz trubasi bilan jihozlangan chilimxona, botanika bog‘i va Putin yaqinlari bilan o‘ynashni xush ko‘radigan xokkey matchlari uchun muz maydoni ham mavjud. Prezidentning shohona “dacha”si 17 ming gektarlik o‘rmonzor va parvoz taqiqlangan zona bilan himoyalangan. 

Prezidentning hashamatli saroyi ostidagi yerosti majmuasiga 50 metr chuqurlikka olib tushuvchi liftlar bilan bog‘langan ikki tunnel orqali yetish mumkin. Bunker uning obro‘li mehmonlarini bir necha kun yoki haftalar davomida toza ichimlik suvi, ventilyatsiya hamda zarur qulayliklar bilan ta’minlashi mumkin. 

“Putin Rossiyaning butunlay qonuniy bo‘lmagan rahbari bo‘lib qolishidan juda xavotirda. Shuning uchun, u o‘zining legitimligi saylovlar vositasida to‘liq ta’minlanmaganini bilib, yaxshi himoyalangan turar joy majmuasi orqali shaxsiy xavfsizligini maksimal darajada oshirishga intiladi”, deydi Rossiya va Ukraina siyosati bilan shug‘ullangan AQSH Davlat departamentining sobiq xodimi Maykl Kimmage.

Putin saroyining maxsus chiqish joylarini sohil bo‘yidagi qoyalarda ko‘rish mumkin. 

Yadroviy davlatlarning barcha rahbarlari favqulodda vaziyatlar uchun o‘z rejalarini tuzadi. Masalan, AQSH Prezidentining Oq uy ostida favqulodda bunkeri va Virjiniyadagi Mount Wheather favqulodda operatsiyalar markazi bor. Ammo Putinning saroyi undan farqli o‘laroq xususiy sub’ekt tomonidan moliyalashtirilgan va undan biror tuzumni emas, ko‘proq alohida shaxsning hayotini saqlab qolish maqsadi ko‘zlangan. 

Maxfiy majmuaning qurilishiga hozirda tugatilgan Metro Style pudratchi tashkiloti boshchilik qilgan hamda uning rasmiy veb-saytlarida 2010 yil saroyning chizmalari ham namoyish qilingan. 

Majmuaning 40 va 60 metrli ikki tunneli 6 metr kenglikda bo‘lib, umumiy 6500 kvadrat/metrlik potensial yashash maydonini hosil qiladi. Tunnellarni 38 santimetrli beton qobiq o‘rab turadi. Bu hududni har qanday yadroviy portlashdan saqlaydi. 

Majmuani qurgan kompaniya ham, Putinning matbuot kotibi Peskov ham bu saroy bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan. 2021 yilda Navalniy guruhining taftishlari natijasi o‘laroq e’lon qilingan Putinning qasri haqidagi video ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lganidan so‘ng Prezident unga egalik qilishini rad etgandi. 

Metro Style kompaniyasiga o‘tgan asrning 90-yillarida uch kishi tomonidan asos solingan bo‘lib, u Rossiyadagi ko‘plab loyihalar, xususan, Moskva metrosining tunnellarini qazishga ham jalb qilingan. Kompaniya 2010 yilda o‘z sahifasida tunnel chizmalarini joylashtirganda uning aynan Putinga tegishli ekanini ochiqlamagan. Buning o‘rniga loyiha “Krasnodar o‘lkasining Gelendjik shahridagi pansionat uchun erosti inshootlari majmuasi” sifatida qayd etilgan. Gelendjik saroy majmuasiga eng yaqin shahar bo‘lib, Sochidan 5 soatlik yo‘lda joylashgan. 

Putin Moskvadan bunchalik uzoqda yashirin joy hozirlatishiga sabab o‘z xavfsizligini yuqori darajada ta’minlashni o‘ylagani ekani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Putin bunker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing