Putin Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakilini ishdan bo‘shatdi
Olam
−
10 iyul 5064 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakili va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanovni ishdan bo‘shatish haqidagi farmonni imzoladi. Putin imzolagan farmon Rossiya Federatsiyasi qonunchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat axborot tizimida e’lon qilindi.
Prezident farmoniga muvofiq, Mixail Bogdanov Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakil hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi.
Diplomat 2014 yil oktyabr oyidan buyon Prezidentning maxsus vakili, 2011 yilning iyunidan esa Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelayotgandi.
Bogdanov “Izvestiya”ga ishdan bo‘shatilganini izohlar ekan, shunday dedi:
“Vaqt keldi. Yosh, pensiya”.
“TASS” manbasiga tayanib, u “yoshi tufayli” iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozganini xabar qilmoqda.
Shu yilning yanvarida Putin TIV rahbari o‘rinbosarining xizmat muddatini 2026 yilning 2 martigacha uzaytirgandi. Bogdanov joriy yil mart oyida 73 yoshga to‘ldi.
Qayd etish joiz, Rossiyada davlat xizmatida ishlashning eng yuqori yoshi 65 yosh. Davlat xizmatchilarining ayrim toifalari (xususan, rahbarlar) uchun u 70 yoshgacha uzaytirilishi mumkin. Tegishli qaror davlat xizmatchisining roziligi bilan uni lavozimga tayinlagan davlat organi yoki mansabdor shaxs tomonidan qabul qilinishi mumkin. Ushbu qoida Rossiya Prezidenti tomonidan tayinlangan davlat xizmatchilariga taalluqli emas.
Ma’lumot uchun, Mixail Bogdanov 1952 yil 2 martda Moskvada tug‘ilgan. 1974 yilda SSSR Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan, shundan buyon diplomatik xizmatda bo‘lib, Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarda turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, Rossiyaning Isroildagi elchisi (1997-2002), Misrdagi elchi va Rossiyaning Arab davlatlari ligasidagi muxtor vakili (2005-2011) bo‘lgan.
Sergey Lavrovning o‘rinbosari sifatida u, xususan, Rossiyaning Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan munosabatlari, Suriyani tartibga solish masalasi va boshqalarni nazorat qildi.
Bogdanov 3 va 4-darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun”, “Aleksandr Nevskiy”, “Shon-sharaf”, “Do‘stlik” ordenlari va boshqalar bilan taqdirlangan.
Live
Barchasi