Putin va Ukraina urushini tanqid qilgan bloger qamoqqa olindi

Olam

image

Rossiyalik bloger Ilya Remeslo Ukrainadagi urush va mamlakat Prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Huquq-tartibot organlarining ma’lumotiga ko‘ra, Remeslo Rossiya Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi 2-qismi (Rossiya Qurolli kuchlaridan foydalanish haqida oldindan yolg‘onligi ma’lum bo‘lgan axborotni siyosiy adovat sababli ommaviy tarqatish) bo‘yicha tergov qilinayotgan ish doirasida ushlangan. Agar u aybdor deb topilsa, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu ma’lumotni uning advokati Sergey Badashmin ham TASS’ga tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, sankt-peterburglik huquqshunos sifatida tanilgan Remeslo avval Kreml tarafdori bo‘lgan va muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni keskin tanqid qilib kelgan. Navalniy korrupsiyaga qarshi kurashgan va 2024 yilda qamoqda vafot etgan.

Biroq Remeslo 2026 yil mart oyida o‘z pozitsiyasini tubdan o‘zgartirgan. U ijtimoiy tarmoqlarda “Nega men Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdim: besh sabab” nomli manifestni e’lon qildi. Hujjat internetda keng tarqaldi.

Manifestda u Ukrainadagi urushni qoralagan, so‘z erkinligiga qo‘yilgan cheklovlarni tanqid qilgan hamda Putinni lavozimidan ketishga va sud oldida javob berishga chaqirgan. Manifest chop etilganidan bir necha kun o‘tib, Remeslo Sankt-Peterburgdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Uning shifoxonaga ixtiyoriy yoki majburiy tarzda yotqizilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Bloger taxminan bir oydan keyin shifoxonadan chiqarilgan. Endi esa u Rossiya armiyasi haqida “feyk ma’lumot” tarqatganlik bo‘yicha jinoiy ish doirasida qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin va Lukashenkoning karikaturasini chizgan rossiyalik rassom Polshada otib o‘ldirilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing