Putin urushni tugatish uchun shartini aytdi

Olam

image

Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqqachgina jangovar harakatlar butunlay to‘xatiladi. Bu haqda kecha, 27 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bo‘yicha matbuot anjumanida so‘z ochdi. 

Nutqi davomida Putin AQSHning urushni yakunlashga qaratilgan “tinchnlik rejasi” bo‘yicha muzokaralar jarayonini sharhlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda muhokama qilinayotgan hujjat loyihasi emas, balki “savollar to‘plami”, xolos. 

“Rossiya AQSH va Ukraina Prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida tinchlik kelishuvini imzolashga tayyor”, degan Rossiya yetakchisi. 

Jurnalistlar savollariga javoban Putin shuni aytdiki, Rossiya va AQSH bu masalalarni Alyaskadagi sammitidan oldin ham muhokama qilgan.

“Shundan so‘ng, 28 punktdan iborat kelishuvlar ro‘yxati paydo bo‘ldi”, degan Kreml rahbari. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik AQSH va Ukraina vakillari Jenevada muzokaralar o‘tkazgan.

“Men tushunganim shuki, ular o‘zaro kelishib, bu 28 punktni to‘rt alohida qismga bo‘lishga qaror qilgan va bular bizga yetkazildi”, degan Rossiya Prezidenti.

G‘arb ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Jenevadagi muzokaralar natijasida rejaning mazmuni qayta ko‘rib chiqilgan.

Putin AQSH tomonidan taqdim etilgan hujjatning ayrim bandlari “kelajakdagi kelishuvlar asosiga qo‘yilishi mumkin”ligini aytgan, biroq hozirda “oxirgi variantlar yo‘q”ligi sababli tafsilotlarni e’lon qilish noo‘rinligini ta’kidlagan.

Rossiya Prezidenti ushbu hujjatni “diplomatik tilda ifodalash” zarurligini qayd etgan, chunki hozirgi ba’zi bandlar kulgili eshitiladi.

“Masalan, Rossiya Yevropaga hujum qilmaydi, degan gapni aytish boshqacha, bu biz uchun kulgili eshitiladi. Biz hech qachon bunday niyat qilmaganmiz. Ammo agar ular buni eshitmoqchi bo‘lsa, biz buni rasmiylashtiramiz, muammo yo‘q”, degan Putin.

Qayd etish joizki, hujjatning dastlabki versiyasi bir qator hududiy imtiyozlarni talab qilgan va barcha tomonlar imzolaganidan keyin jangovar harakatlar to‘xtashini ko‘zda tutgan.

“Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqqachgina jangovar harakatlar to‘xtaydi. Bo‘lmasa, biz to‘xtamaymiz va buni qurol bilan amalga oshiramiz”, degan Putin matbuot anjumanida. 

Rossiya Prezidenti, shuningdek, Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha yakuniy qarorlar “asosiy xalqaro o‘yinchilar” tomonidan tan olinishi muhimligini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligini, ammo bu uchrashuvda Yevropa hamkorlari ham qatnashishi kerakligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing