Putin Ukraina NATOga o‘xshash xavfsizlik kafolati olishiga rozi bo‘ldi – Uitkoff
Olam
−
18 avgust 2025 6012 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH va Yevropaning Ukrainaga qarshi yangi bosqin sodir etilgan taqdirda uni birgalikda himoya qilishini nazarda tutuvchi xavfsizlik kafolatlarini “mustahkam” shaklda ta’minlashga rozilik berdi. Bu kelishuv tinchlik shartnomasi doirasida kiritiladi. Bu haqda AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff CNN'ga ma’lum qildi.
Uitkoffning aytishicha, Rossiya tomonidan qabul qilingan mazkur qo‘shimcha shart Moskvaning Ukraina hech qachon NATOga qo‘shilmasligidagi qattiq talabini aylanib o‘tish yo‘li sifatida ko‘rilmoqda. Uning ta’kidlashicha, rossiyaliklar, shuningdek, Ukrainaga yoki boshqa bir Yevropa davlatiga bostirib kirmaslik va’dasini qonun yo‘li bilan mustahkamlashga ham rozi bo‘lgan.
Rossiya tomoni hozircha bunday kelishuvlarni ommaga e’lon qilgani yo‘q. Biroq bu takliflar o‘tgan hafta Prezident Donald Trampning yevropalik yetakchilar bilan telefon orqali muloqotida aytilgan, Ukraina uchun NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlari haqidagi g‘oyalarga hamohangdir.
Yevropa rasmiysining bildirishicha, Tramp bilan bo‘lgan muloqotda Ukraina uchun “5-moddaga o‘xshash” xavfsizlik kafolatlari muhokama qilingan, ya’ni tinchlik kelishuviga erishilsa, Yevropa va AQSH bu kafolatlarni qo‘llab-quvvatlashi aytilgan. Unga ko‘ra, bu jarayonda NATOning o‘zi ishtirok etmaydi.
Ma’lumot uchun, NATOning 5-moddasi alyans shartnomasidagi “kollektiv mudofaa” qoidasi bo‘lib, unga ko‘ra, bir mamlakatga qilingan hujum barchaga qilingan hujum sifatida baholanadi va barcha a’zolar o‘zaro birgalikda chora ko‘radi.
Tramp avvallari Kiyevning xavfsizlik kafolatlari berish haqidagi ko‘p takrorlangan chaqiriqlarini jiddiy qabul qilmagan edi. Ya’ni, Rossiya kelishuvni buzmasligi yoki bir necha yildan so‘ng yana Ukrainaga hujum boshlamasligi uchun ishonchli kafolatlar berish masalasiga salbiy munosabat bildirgan.
Yevropa davlatlari esa Ukraina uchun “ishonch kuchlari”ni joylashtirishni taklif qilgan, ammo bu kuchlar AQSHning qo‘llab-quvvatlovisiz samarali bo‘lmasligini ta’kidlab kelishgan. Biroq Tramp hozirgacha Amerika qo‘shinlari yoki resurslarini bu yo‘nalishga jalb qilishdan tiyilib kelmoqda.
Live
Barchasi