Putin Ukraina bilan urushni yakunlash shartini aytdi
Olam
−
13:10 970 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlash imkoniyati borligini, biroq buning uchun avvalo Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishib olishi kerakligini aytdi. Bu haqda u joriy yilning 3 sentyabr kuni Sharqiy iqtisodiy forum doirasida ma’lum qildi.
“Avvalo Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishib olishi kerak. Qolgan barcha davlatlar esa bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyor. Imkoniyat bormi? Menimcha, ha, bor”, degan Putin.
Shuningdek, u Moskva va Kiyev o‘rtasida maxsus xizmatlar orqali aloqalar saqlanib qolayotganini, biroq bu aloqalar tinchlikka qanchalik yordam berishini ayta olmasligini bildirgan. Putinning qayd etishicha, Qora dengizdagi transport kemalariga Ukraina hujumlari va Kiyevning Rossiya havo hududini xavfli deb atagani ikki tomonlama tinchlik muzokaralarini murakkablashtirmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa AQSH vositachiligidagi muzokaralar qayta boshlanishini kutayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidentining vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner yaqin orada Moskva va Kiyevga tashrif buyurib, ehtimoliy tinchlik kelishuvini muhokama qiladi.
“Dastlabki sanalar bor. AQSH prezidentining vakillari bu yerga, Kiyevga kelishini umid qilmoqdamiz. Ulardan tasdiq oldik: Moskva va Kiyevda uchrashuv bo‘ladi”, degan Zelenskiy.
Ukraina rahbari AQSH jamoasi bilan doimiy aloqada ekanini ham aytgan. Bir necha kun avval u Uitkoff va Kushner bilan telefon orqali suhbatlashib, Rossiyaning jang maydonidagi yutuqlarini “ahamiyatsiz” ekanini bildirgan.
Tinchlik muzokaralarini qayta boshlash masalasi AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffning avgust oyi oxirida Moskvaga e’lon qilinmagan tashrifidan so‘ng yana kun tartibiga chiqqan. Retkliff tashrif davomida Rossiya maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashgan. Kreml uning Vladimir Putin bilan uchrashmaganini, biroq Rossiya va AQSH maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar davom etayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishish uchun xorijga yo‘l olishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi