Putin Trampga mukofot bermagan Nobel qo‘mitasini tanqid qildi (video)

Olam

image

Bugun, 10 oktyabr kuni Osloda joylashgan Norvegiya Nobel qo‘mitasi 2025 yildagi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatini e’lon qildi. Bu mukofotga ko‘pdan beri da’vo qilib kelayotgan AQSH Prezidenti Donald Tramp emas, balki venesuelalik siyosatchisi ayol Mariya Korina Machado edi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Dushanbedagi matbuot anjumanida jurnalistning savoliga javob berar ekan, Nobel qo‘mitasini tanqid qildi.

“Shunday holatlar bo‘lganki, Nobel qo‘mitasi tinchlik mukofotini umuman tinchlik uchun hech narsa qilmagan odamlarga bergan. Va, mening fikrimcha, ana shunday qarorlari bilan ular bu mukofot nufuziga ulkan zarar yetkazishgan. Qarangki, odam keladi – yaxshi yoki yomon – unga bir oy, ikki oy o‘tib, tars, mukofot. Nima uchun? Ha, umuman hech narsa qilmagan holda. Axir bu qanday ish? Bu mukofot qandaydir xizmatlar uchun berilishi kerak-ku. Shu bois, menimcha, uning nufuzi ancha darajada yo‘qolgan”, dedi Rossiya Prezidenti.

Putin Trampning Nobel mukofotiga loyiqmi yoki yo‘qligini bilmasligi, lekin u haqiqatan ham yillar, balki o‘n yillar davomida cho‘zilib kelayotgan murakkab inqirozlarni hal qilish uchun juda ko‘p ish qilayotganini ta’kidladi.

“Men aniq aytganman, bilaman: Ukrainadagi inqiroz bo‘yicha u chin dildan harakat qilmoqda. Nimadir qo‘ldan keldi, nimadir kelmadi. Balki Ankorijdagi kelishuvlar va muhokamalar asosida yana ko‘p narsa qilishimiz mumkin bo‘lar. Lekin u bu masalalar – tinchlikka erishish va xalqaro murakkab vaziyatlarni hal etish masalalari ustida chindan ham ishlayapti, harakat qilayapti. 

Eng yaqqol misol – Yaqin Sharqdagi vaziyat. Agar Donald intilayotgan va aytayotgan, amalga oshirishga urinyotgan barcha ishlar yakuniga yetkazilsa – bu tarixiy voqea bo‘ladi, bu shunchaki tarixiy voqea”, dedi Putin.

Shuningdek, u kecha, 9 oktyabr kuni Iroq Bosh vaziri Muhammad Sudani bilan gaplashib, hatto Rossiya va Arab davlatlari Ligasi uchrashuvini ham keyinga qoldirishga kelishganini, bu uning tashabbusim bo‘lganini aytdi. 

“Men buni aynan hozir Yaqin Sharqda, umid qilamizki, yo‘lga qo‘yilgan va Tramp tashabbusi va bevosita ishtirokida ketayotgan jarayonga xalal bermoqchi emasligim uchun qildim. Bu yutuq emasmi? Bu – yutuq.

Lekin yana takrorlayman: u bu mukofotga loyiqmi-yo‘qmi yoki mukofot bunday yutuqlarga loyiqmi-yo‘qmi – buni men hal qilmayman”, dedi Rossiya Prezidenti.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Vladimir Putinning Nobel tinchlik mukofoti haqida gapirayotgani aks etgan videoni joylab, Rossiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Tramp bir necha bor o‘zini mukofotga loyiq deb hisoblashini, “yetti urushni tugatganini” va uning mukofotlanmasligi “AQSH uchun haqorat” bo‘lishini ta’kidlagan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham joriy yil 23 sentyabrda BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Trampning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Nobel' mukofoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing