Bishkekdagi Putin, poytaxtdagi SSSR bayrog‘i – Turkiy dayjest
Tahlil
−
01 dekabr 5355 10 daqiqa
Putin Bishkekka keldi, Japarov uni katta dabdaba bilan kutib oldi. KXSHT sammiti uchun kelganlar qatorida Lukashenko ham bor edi. U davlat to‘ntarishidan so‘ng Belarusga qochib, ayni kunlarda Minskda yashirinib yurgan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevni hechkimga bermasligini aytdi. Deputatlar unga javob qaytardi. Qurg‘izistonda saylovlar bo‘lib o‘tdi. Kommunistik mafkura tarafdorlari esa poytaxt shaharda SSSR bayrog‘ini ko‘taribb yurdi. Shu va boshqa qiziqarli voqealar tafsiloti bilan yana birgamiz.
“Turkiy tillarni o‘rganayotgan” Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 25 noyabr kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan kelar ekan, Japarov bosh mamlakat rasmiylari uni aeroportda katta dabdaba bilan qarshi oldi. Milliy uslubda bezatilgan “Manas” aeroportiga Putinni kutib olishga hatto qirg‘izlarning an’anaviy burgut va ovchi itlari ham chiqdi.
Kreml rahbarini rasmiy kutib olish marosimini o‘tkazish chog‘ida Putin faxriy qorovulga qirg‘iz tilida salom berdi. Uning markaziy osiyoliklarning tilida gapirishi ilk bor kuzatilmayapti. Esingizda bo‘lsa, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 11-12 noyabr kunlari Moskvaga davlat tashrifi bilan borgandi. O‘shanda Putin To‘ayev bilan teatrga tushdi va qozoq san’atkorlariga murojaat qilib, ularni “altin” deb atadi. Bu aynan “oltin” degani. Putin nega tillarda gapiryapti? Uning bu harakatlari ortida nima yashiringan?
Rossiya G‘arb bilan keskin raqobatga kirgan bir paytda, Markaziy Osiyo uning eng yaqin geosiyosiy “orqa hovlisi” sifatida ko‘riladi. Putinning til orqali iliqlik ko‘rsatishi “biz sizlarga yaqinmiz, hurmat qilamiz” degan signal ham bo‘lishi mumkin. Shu qatori uning bu “oliyjanobligi” odamlar orasida “Putin bizning tilimizni biladi, hurmat qiladi” degan fikrlar katta rezonans beradi. Yoki Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga ulkan investitsiyalar, infratuzilma, savdo va transport loyihalarini taklif qilayotgan, Pekinning iqtisodiy ta’siri keskin oshgan bir paytda bunga javoban Rossiya o‘zining “madaniy yaqinlik” kartasini ishga solayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat rezidensiyasida Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi oldidan tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari uchun uyushtirilgan etnomadaniy tadbirda u hatto qirg‘izlarning milliy cholg‘u asbobi – qomuzni ham chalib ko‘rdi. Boshqa Prezidentlar qatori Putinga ham qo‘l mehnati bilan ishlangan panno va milliy musiqiy asboblar sovg‘a qilindi – bu qirg‘iz xalqining hurmat va mehmondo‘stlik ramzi sifatida taqdim etildi.
Japarov Putin bilan muzokara o‘tkazdi va unda Rossiya Qirg‘iziston uchun strategik ittifoqchi, hamkor va do‘st bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini aytdi. Putinning aytishicha, Qirg‘izistondagi qo‘shma Rossiya harbiy bazasi butun mintaqada barqarorlikka hissa qo‘shadi. Bu harbiy baza Kollektiv tezkor joylashtirish kuchlarining bir qismi bo‘lib, KXSHTga a’zo davlatlar havo hududi xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etadi.
Putin jurnalistlarning savollariga javob berish chog‘ida Qirg‘izistonda kichik quvvatli AES qurish loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. U Rossiya dunyoda bunday loyihalarni amalga oshirayotgan yagona davlat ekanini eslatib o‘tdi.
Lukashenko bilan oshno qochoq prezident
Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkodan Bishkekdagi KXSHT sammiti chog‘ida Qirg‘izistonning hokimiyatdan ag‘darilgan rahbari, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning Minskdagi hayoti qanday o‘tayotgani so‘raldi. U hech ikkilanmay Bakiyev bilan aloqasi yaxshi ekani, hatto bordi-keldi qilib turishini aytdi. Shu bilan birga u Bakiyevni rasmiy Bishkekka qaytarib berish niyatida emasligini ta’kidladi.
“Bakiyev yaxshi yashayapti. Biz uni endi sizning oldingizga qo‘ymaymiz. Men unga: “Boshqa safarlar yo‘q, bo‘ldi! Belarusda yashang”, dedim. U yaxshi yashaydi, u ba’zida meni uyiga taklif qilganda, yoniga borib turaman. Biz uni sizga bermaymiz”, dedi Lukashenko.
Lukashenkoning aytishicha, Bakiyev unga “Qirg‘izistonni sog‘inayotgani”ni ko‘p aytib keladi. U hech bo‘lmaganda otasining qabrini ziyorat qilishni xohlaydi. Belarus yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko bu masalani shaxsan Prezident Japarov bilan hal qilib, sobiq prezidentning otasini ziyorat qilib ketishiga yordam bermoqchi.
“Hamma “hech bo‘lmaganda otamning qabrini ziyorat qilsam edi”, deb aytadi. Qirg‘izistonliklarning o‘z prezidentining otasi qabriga kelishiga ruxsat bermasligi juda g‘alati, menimcha, biz bu masalani hozirgi rahbariyat bilan hal qilamiz”, dedi u.
Bakiyev 2005 yil 10 iyulda Prezident etib saylangan (2009 yilda qayta saylangan). 2010 yil 7 aprelda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga Roza Otunbayeva boshchiligidagi muxolifat tomonidan tuzilgan yangi muvaqqat hukumat keldi. Qurmanbek Bakiyev Bishkekdan janubda, Jalolobod viloyati hududidagi ota-bobolari qishlog‘ida yashiringan. Bir necha kundan keyin u Qozog‘istonga uchib ketdi, u yerdan 16 aprelda vaqtinchalik hukumatga davlat rahbari lavozimidan ketishi to‘g‘risida bayonot yubordi. Bir necha kundan keyin Bakiyev Belarusga yo‘l oldi, u yerda – Belarusda hali ham yashaydi va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra fuqarolikni olgan.
2010 yil 4 mayda muvaqqat hukumatning qarori bilan Qurmanbek Bakiyev sobiq davlat rahbari maqomidan va daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi. 8 may kuni u Qirg‘iziston hukumati tomonidan qidiruvga berilgan. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi bir necha bor Bakiyevni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida Minskka so‘rov yuborgan, ammo rad etilgan.
Mamlakatda sobiq prezidentga bir nechta ayblovlar qo‘yilgan. 2013 yil fevral oyida u mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib, sirtdan 24 yillik qamoq jazosiga, 2014 yil aprelda – Britaniyaning Oxus Gold kon kompaniyasi rahbari Shon Deylini o‘ldirishga urinishda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2014 yil iyulda – 2010 yil 7 aprelda Bishkekda muxolifat mitingini otishni uyushtirgani uchun mol-mulki musodara qilinib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
2017 yil dekabrda – qishloq xo‘jaligi yerlarini uy-joy qurish uchun mo‘ljallangan uchastkalarga noqonuniy aylantirganlik uchun 10 yil qamoq jazosi berilgan.
Uning o‘g‘li Maksim va ukasi Janish ham bir qator ayblovlar bo‘yicha uzoq muddatga sirtdan hukm qilingan.
Qirg‘izistondan qochgan Bakiyevlar oilasi Minskda joylashgan bo‘lsa, Maksim Bakiyev oilasi bilan Buyuk Britaniyada yashaydi.
Japarovning maslahatchisi Cho‘lponbek Abikeyev Bakiyevning Qirg‘izistonga qaytib kelib, sud oldida javob berishini talab qildi. Abikeyevga ko‘ra, 7 aprel voqealari uchun javobgarlik nafaqat Bakiyev, balki muvaqqat hukumat zimmasiga yuklanganini yashirib bo‘lmaydi.
“O‘qlar olddan emas, orqadan keldimi, kim o‘q uzdi, degan savollar javobsiz qolmoqda. Men ularni sobiq prezident Almazbek Atamboyev otdi, deb to‘g‘ridan to‘g‘ri da’vo qilmayapman, lekin u Forum binosiga qurollangan holda kelganini hamma biladi. Agar Bakiyev kelsa, u albatta sudga tortiladi. 7 apreldan keyin sodir etilgan o‘g‘irliklar, uydan g‘oyib bo‘lgan sandiqlar, Maksimning uyidan g‘oyib bo‘lgan pullar va seyflardan olingan ma’lumotlar. Bakiyev va uning qarindoshlari fosh bo‘ladi”, dedi u.
Davlat rahbari maslahatchisi o‘sha voqealarda ishtirok etgan ko‘plab shaxslar guvoh sifatida so‘roqqa chaqirilishini qo‘shimcha qildi.
“Natijada yangi faktlar paydo bo‘lishi mumkin va ko‘pchilik fosh bo‘ladi. Masalan, Asqar Akayevning qaytishiga qarshi chiqqanlar ham bor. Ammo so‘roqdan keyin ko‘plab jinoyatlar fosh etildi. Bir necha yuqori mansabdor shaxslar ishtirokidagi jinoiy harakatlar fosh etilib, noqonuniy o‘zlashtirilgan mulklar davlatga qaytarildi. Qumtor bo‘yicha ayniqsa qimmatli ma’lumotlar olindi. Bakiyev qaytsa, ko‘p sirlar ham ochiladi”, deydi u.
2023 yilda Japarov mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir dasturxon atrofida yig‘ib suhbatlashgandi. Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunboyeva, Almazbek Atamboyev va Sooronbay Jeyenbekov amaldagi Prezident ishtirokida uchrashuv o‘tkazgandi.
Japarovning aytishicha, o‘shana sobiq prezidentlar “bir musht bo‘lish” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, ular ham o‘z dardini gapirib, xatolarini tan olgan va bir-birini kechirgan.
“Zamhokim” nogironlarni haqoratladi
Ko‘rsatuvimiz davom etadi. Qozog‘istonda Olmaota viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Qanat Yesbolatov nogironlarga nisbatan “Xudo ularni allaqachon jazolagan”, jumlasini ishlatdi va jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Uning bu gaplari mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarovaning Talgar tumani aholisi bilan uchrashuvi chog‘ida aytilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik uning bu gapini haqorat sidfatida qabul qildi. Ammo uni maqtaguchilar ham topildi.
“Zamhokim”ning o‘zi so‘zlariga izoh bergan. Uning aytishicha, uchrashuvga juda ko‘p odam to‘plangan. Har biri dolzarb mavzularni ko‘targan va savol berishga shoshilgan. Navbat katta bo‘lgan.
Odamlar orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ham bo‘lgan. Ba’zilari navbatini kutib tik turgan. Navbat yetganida esa zalda o‘tirgan bir nechta odam ularning gapini bo‘lib, savollariga xalaqit bergan.
“Men reglamentga rioya qilishni so‘radim. Ammo men ruscha gapirganimda xatolar bo‘ladi. Fikrni noto‘g‘ri yetkazib qo‘yaman”, deydi u. U aslida: “Xudo katta sinov bergan”, demoqchi bo‘lganini aytgan.
Qirg‘izistonda parlament saylovlari
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 30 noyabr kuni rafiqasi bilan navbatdan tashqari parlament saylovlarida ovoz berdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, saylovdagi butun jarayon avtomatlashtirilgan, inson omili bartaraf etilgan. Ilgari saylov byulletenlari qo‘lda tarqatilardi, har bir saylov uchastkasida 50-100 tadan qo‘shimchasi qolardi, nomzodlarga belgi qo‘yilardi. Endi bunday emas, hamma narsa kompyuterlashtirilgan.
“Men uchun butun jarayon besh daqiqaga yaqin vaqtni oldi – men kirib keldim, byulletenimni oldim va ovoz berdim. Nega biz bunday islohotlarni amalga oshirdik? Hamma eslaganidek, respublikada uchta to‘ntarish bo‘lgan, bularning barchasi saylovlar tufayli – prezidentlik yoki parlament saylovlari tufayli bo‘lgan”, dedi Sadir Japarov.
Sadir Japarovning aytishicha, hali ham bitta muammo qolmoqda: ovozlarni sotish yoki sotib olish.
Jogorku Kenesh (Oliy Kengash) deputatlari uchun saylov natijalari 14 dekabrgacha sanab chiqiladi va rasman e’lon qilinadi.
Saylovlardan bir hafta oldin Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish idoralari muxolifat vakili va sobiq prezident Almazbek Atamboyevning ayrim tarafdorlarini qo‘lga olgandi. Ushlanganlar orasida muxolifatchi “Sotsial-demokratlar” partiyasi a’zolari Temirlan Sultonbekov hamda Ermek Ermatov, sobiq prezidentning o‘g‘li Qodirbek Atamboyev va boshqalar bor edi.
Turkiyada sayyoh oilaning fojiaviy o‘limiga sabab
O‘tgan noyabr oyining boshida Germaniyaning Gamburg shahridan Istanbulga sayohat uchun borgan oila a’zolarining barchasi mehmonxonada fojiali tarzda vafot etganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Istambul prokuraturasi 27 noyabr kuni oilaning o‘limiga mehmonxonada zararkunanda hasharotlarga qarshi qo‘llangan insektitsiddan zaharlanish sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Ilgari taxmin qilinganidek, oziq-ovqatdan zaharlanish versiyasi tasdiqlanmadi. Oilaning jarohat oqibatida vafot etgani belgilari ham aniqlanmadi.
Tergov doirasida qo‘lga olingan olti kishi hali ham hibsxonada saqlanmoqda. Ular orasida mehmonxona egasi va zararkunandaga qarshi kurash kompaniyasi rahbari bor. Qolgan to‘rt gumonlanuvchi ozod qilingan. Vaholanki, avvalroq oila ovqat xarid qilgan ko‘cha sotuvchilari ham vaqtincha ushlangan edi.
Istambul prokuraturasi qaysi modda qo‘llanganini ochiqlamadi. Biroq OAV, sud-tibbiy ekspertiza hisobotlariga tayanib, mehmonxonada fosfin gazi aniqlanganini ma’lum qildi. “Anadolu” davlat axborot agentligining yozishicha, fosfin mehmonxona xonalaridan olingan namuna va sochiqlarda ham topilgan.
Alyuminiy fosfidi zararkunandalarga qarshi kurashda ko‘p qo‘llanadi. U suv yoki baland namlik bilan reaksiyaga kirishganda, o‘ta zaharli fosfin gazini ajratadi. Bu gaz sut emizuvchi jonivorlar organizmi hujayralarini shikastlaydi va yuqori konsentratsiyada qonda kislorod tashilishini buzadi. Fosfinni nafas orqali qabul qilish yo‘tal, qusish, jigar va buyrak faoliyatining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin va o‘limga ham sabab bo‘ladi.
Poytaxtda SSSR bayrog‘ini ko‘targanlar hibsga olindi
Sobiq Ittifoq parchalanib, uning tarkibida bo‘lgan davlatlar to‘liq mustaqilikka erishganiga ancha yillar o‘tganiga qaramay, bu davlatlarda kommunizmni qumsovchilar bugun ham topiladi. Mustamlakachilik davrini qumsagan bunday kishilar odatda SSSR davridagi bayroqlar bilan tez-tez ko‘zga tashlanadi. Ana shunday kimsalardan ayrimlari bu gal Ozarbayjonda ushlandi.
Baku shahrida ular kommunistik mafkurani targ‘ib qilish maqsadida SSSR bayroqlari bilan yurishga urindi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yurishda ishtirok etgan tashkilotchilar – Abdulla Ibrohimli, Ibrohim Asadli va boshqa shaxslar aniqlanib, qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yuqorida ismi aytilgan shaxslarga tegishli idora va xonadonlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida kommunistik g‘oyalarni targ‘ib qilishga qaratilgan ko‘plab materiallar, bayroqlar, radikalizmni targ‘ib qiluvchi kitoblarning nusxalari, kompakt disklar va boshqa elektron qurilmalar aniqlanib, olib qo‘yildi.
Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, bu shaxslar boshqa davlat ko‘magi va mablag‘i evaziga ofis ijaraga olib, guruh bo‘lib ish olib borgan va vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Live
Barchasi