Prezident “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovi g‘oliblarini tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 8 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovida erishgan yutuqlari bilan g‘olib va sovrindorlarni tabrikladi. Bu haqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident tabrigida yoshlarning kasbiy mahorat, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallashi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ekani ta’kidlangan.

Mamlakatda Prezident sovrini uchun ilk bor o‘tkazilgan mazkur milliy tanlov Vatanning shiddatli taraqqiyoti, hayotga kirib kelayotgan raqamli iqtisodiyot va zamonaviy korxonalar uchun o‘z ishining ustasi bo‘lgan, raqobatbardosh kasb egalarini tayyorlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan.

“Kasb-hunar sirlarini chuqur egallagan, puxta bilim va yuqori ko‘nikmaga ega, o‘z sohasida yangilik yarata oladigan sizlar kabi navqiron yoshlarimizning bugungi erishgan natijalari bu qarorimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlamoqda”, deyiladi tabrikda.

Qayd etilishicha, uch bosqichda o‘tkazilgan tanlovning dastlabki – tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yosh o‘z iste’dod va qobiliyatini namoyon etgan. Hududiy bosqichda esa qariyb 7 ming nafar ishtirokchi qatnashgan bo‘lib, ularning 3 ming 500 nafari o‘zini o‘zi band qilgan mahalla yoshlaridan iborat bo‘lgan.

Tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilarining hayotida ham yangi imkoniyatlar ochgan. Jumladan, 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyati yaratilgan.

Mahalliy korxona va tashkilotlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taqdimoti o‘tkazilib, zarur kasbiy bilim va mahoratga ega bo‘lsa-da, hozircha ish topolmay yurgan qariyb 8 ming 900 nafar ishtirokchiga ishlash uchun yo‘llanmalar berilgan. Ta’lim olish istagini bildirgan 4 ming 470 nafar ishtirokchi texnikumlarda o‘qish uchun tavsiya etilgan.

Chet elda ishlashni rejalashtirayotgan salkam 8 ming 340 nafar yosh esa xorijiy ish beruvchilar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarga yo‘naltirilgan.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 10 ta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topilgan. Prezident ularni chin dildan tabriklab, g‘oliblarga tayanch bo‘lib turgan ustozlar, ota-onalar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, amaliy mashg‘ulot rahbarlari va ekspertlarga minnatdorlik bildirgan.

Shuningdek, tanlovni yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahallalar, ish beruvchi korxonalar, homiy va hamkor tashkilotlarga ham tashakkur aytilgan.

Endi tanlov g‘oliblari va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish va ularni kasb-hunar bo‘yicha “WorldSkills International” xalqaro tanlovida munosib ishtirok etishi uchun tayyorlash vazifasi belgilangan.

“Shu maqsadda eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etamiz, jamoani zamonaviy uskunalar, o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlab, barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz”, deyiladi Prezident tabrigida.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarni dunyodagi eng kuchli tengdoshlari bilan munosib bellashib, nufuzli kasbiy mahorat musobaqasida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishga chaqirgan.

Prezident, shuningdek, O‘zbekiston tarixidagi go‘zal sivilizatsiya namunalarini yaratgan ustalar, me’morlar va mohir hunarmandlarning boy merosi yoshlarga kuch va ilhom berishini ta’kidlagan.

“Men butun O‘zbekiston yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: xalqimizning sizlarga bo‘lgan yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlaning, yangi bilim hamda texnologiyalarni egallang, xorijiy tillarni o‘rganing va kasbingiz bo‘yicha eng ilg‘or mutaxassis bo‘lib yetishing!”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Tabrikda yoshlikda olingan ta’lim va malaka kelajakdagi ulkan yutuqlar poydevori ekani qayd etilib, yoshlar o‘z mehnati, bilimi va ko‘nikmalari bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirilgan.

“Sizlar o‘z mehnatingiz, bilim va ko‘nikmalaringiz bilan nafaqat oilangiz va jamoangiz, balki jonajon mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz, Yangi O‘zbekistonni bunyod etadigan oltin avlod bo‘lib, uning shuhratini dunyoga tarannum etasiz deb ishonaman”, deyiladi Prezident tabrigida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing