Prezident Tanzila Norboyevani orden bilan mukofotladi
Jamiyat
−
24 iyul 10709 2 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Kamolovna Norboyeva “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, Tanzila Norboyeva davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Yangi O‘zbekistonda parlament faoliyatini rivojlantirish, demokratik islohotlarni izchil amalga oshirish borasidagi alohida xizmatlari, jonkuyar tashkilotchi va tashabbuskor rahbar sifatidagi boy bilim va tajribasi, vatanparvarlik fazilatlari bilan milliy davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, ayollarning o‘rni va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga katta hissa qo‘shib, xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozonib kelayotgani, yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki, shuningdek, tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Ma’lumot uchun, Tanzila Norboyeva 1956 yil 24 iyulda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan. Pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. Ish faoliyatini 1974 yilda Andijon viloyati Shahrixon shahridagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlagan. 1975-1995 yillarda Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajalidagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 1995-2010 yillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari kotibiyati mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan.
2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi lavozimida ishlagan. 2016-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2019 yil 20 iyunda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatining a’zosi etib tayinlangan. 21 iyun kuni Senat raisi etib saylangan. Fidokorona xizmatlari uchun, Mehnat shuhrati ordenlari va Shuhrat medali bilan bilan taqdirlangan.
Live
Barchasi