Prezident Parkentdagi mahallaga bordi
Jamiyat
−
18 iyun 7476 1 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Kumushkon mahallasida bo‘lib, sayyohlik salohiyati va mehmon uylarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu sohaga ko‘plab imtiyozlar berilib, tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turizm qishloqlarida zarur infratuzilma tashkil etilyapti. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonida mehmon uyi ochganlar talaygina.

Oxirgi yillarda Kumushkonga sayyohlar kelishi ko‘paygan. Bugungi kunda saksondan ortiq xonadonda mehmonxona tashkil etilgan. Ularda yiliga 172 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shunday tadbirkorlardan biri Olim Yusupov soy bo‘yidagi hovlisida 48 o‘rinli mehmon uyi ochgan. Xonalar milliy uslubda, shinam qilib jihozlangan. Mehmon uyi yiliga 2 mingdan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatadi.

Prezident bu yerdagi obodlik va omilkorlikni ko‘rib, shunday loyihalarni boshqa so‘lim maskanlarda ham tashkil etish kerakligini ta’kidladi. Tadbirkorlarga zarur mablag‘ ajratib, qo‘shimcha xizmatlar tashkil etishiga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi. Mahallalarda ichki imkoniyatlarni yuzaga chiqarish aholini band qilishda katta manba ekani qayd etildi.

Bu joylarga sayyohlar so‘lim manzaralardan bahramand bo‘lish uchun keladi. Shuningdek, Masjidali ziyoratgohi ham diqqatga sazovor joylardan biri.

Toshkent viloyatida mingga yaqin shunday mehmon uylari bor. Ularda 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratilgan.

Live
Barchasi