Pokistonda internet deyarli ishlamay qoldi
Olam
−
20 avgust 2024 2961 1 daqiqa
Pokistonda aholi so‘nggi bir necha kun ichida internet ancha sekinlashganini aytmoqda. 19 avgust kuni ba’zi ekspertlar uning tezligi odatdagi tezlikning yarmidan kamiga pasayib ketganini taxmin qildi. Bu haqda “Associated Press” nashri xabar berdi.
Muammo millionlab foydalanuvchilarga ta’sir qilgan, natijada ko‘plab bizneslar to‘xtab qolgan va butun mamlakat bo‘ylab shikoyatlar ortgan. Mamlakat rasmiylari sekinlashuv ortida “milliy xavfsizlik devori” o‘rnatilgani haqidagi da’volarni rad etdi.
Foydalanuvchilar elektron pochta xabarlarini tezkor jo‘nata olmaydi, shuningdek, WhatsApp xizmatidan ham foydalanish imkonsiz. Tadbirkorlar va shifokorlar holat ularning kundalik ishlariga, xususan, ko‘rsatmalar va tibbiy hisobotlar olishga salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda.
Axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniyalardan biri “Pakistan Software House Association” vakili bu hafta uzilishlar mamlakat iqtisodiyotiga 300 million dollar zarar yetkazishi mumkinligi haqida xabar bergan. Assotsiatsiya hukumatni “milliy xavfsizlik devori”ni shoshilinch ravishda joriy etishda aybladi.
Ma’lumot uchun, fevral oyida pokistonlik foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklangan. Lekin 8 fevraldagi parlament saylovlari oldidan hukumatga nisbatan tazyiqlardan keyin cheklangan tarzda kirishga ruxsat berildi. Biroq, internet tezligi sezilarli darajada sekinlashgan.