Pokiston va Afg‘oniston muzokaralarining 4-raundi boshlandi
Olam
−
31 Oktabr 1947 1 daqiqa
Pokiston va Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining delegatsiyalari Turkiyada muzokaralarning to‘rtinchi raundini boshladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mezbon Turkiya va vositachi Qatar davlatining aralashuvidan so‘ng, ikki davlat shu hafta boshida yakunlangan muzokaralarini davom ettirishga rozi bo‘lgan.
Muzokaralarning avvalgi raundlari Istanbulda boshlangan va to‘rt kun davom etgan edi.
Biroq Islomobod Qobuldan “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (Pokistonlik toliblar) radikal qurolli guruhiga qarshi chora ko‘rishni talab qilganidan so‘ng mamlakatlar kelisha olmagan.
Pokiston delegatsiyasi to‘rt kun davom etgan muzokaralarning oldingi raundlari boshi berk ko‘chaga kirganidan so‘ng Turkiyadan jo‘nab ketishni rejalashtirgan. Keyinroq, rasmiylar muzokaralarni davom ettirish uchun Istanbulda qolishga rozi bo‘lgan.
“Pokiston yana bir bor “Tolibon”dan Pokistonga qarshi terrorizm harakatlarini olib bormasligini talab qildi. Biz mezbonlarimizning konstruktiv rolini qadrlaymiz va har bir muammoni tinchlik yo‘li bilan hal qilishga intilamiz”, degan muzokaralarda ishtirok etgan rasmiylardan biri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston rasmiylari Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi