Pokiston Saudiya Arabistonida qo‘shin joylashtirishi mumkin
Olam
−
20 Sentabr 2025 4960 1 daqiqa
Pokiston o‘z harbiy kontingentini Saudiya Arabistoni hududida joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu borada ikki mamlakat o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Muzokaralar yaqinda imzolangan mudofaa ittifoqi doirasida kechmoqda. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali xabar berdi.
Ular o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, ishtirokchilardan biriga qilingan hujum ikkala davlatga qarshi tajovuz sifatida baholanadi. Hozirda tomonlar nafaqat qo‘shma mashg‘ulotlarni tashkil etish va harbiy tayyorgarlik dasturlarini kengaytirishni, balki Pokiston kuchlarining Saudiya hududida doimiy joylashish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. Aniq qaror hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, ekspertlar bunday ssenariy muhokamasining o‘zi ham Ar-Riyod va Islomobod munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lishini aytmoqda.
Bu harbiy hamkorlikda Pokistonning yadro quroliga ega davlat sifatidagi maqomi alohida ahamiyat kasb etadi. Mudofaa sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi Fors ko‘rfazi mintaqasidagi kuchlar muvozanatiga, umuman, Yaqin Sharq siyosatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon bilan birgalikda “Strategik o‘zaro mudofaa kelishuvi”ni imzolagani haqida xabar berilgandi. Ar-Riyoddagi “Al-Yamoma” saroyida o‘tkazilgan imzolash marosimida islomning ikki muqaddas masjid homiysi Saudiyadan va islom olamining yagona yadroviy davlati Pokistondan yuqori martabali amaldorlar ishtirok etgan.