Pokiston Bosh vaziri Kaspiy osha O‘zbekistonga kelmoqda

Jamiyat

image

25-26 fevral kunlari Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi qo‘shma rejalar diqqat markazida bo‘ladi.

Shuningdek, tafrif doirasida madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqilishi hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilishi ham aytib o‘tilgan. 

“Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda. 

Qolaversa, tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etishlari belgilangan.

Ma’lumot uchun, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Ozarbayjon va O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilayotgan edi. U ayni damda rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘lib turibdi. 

Eslatib o‘tamiz, 17 fevral kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Quvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Saboh Al-Quvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazgandi. Muzokaralar yakunida Prezident Quvayt Amirini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Shahboz Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing