Pezeshkiyon Tehron ko‘chirilishi mumkinligini aytdi

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan suv inqirozi yanada kuchaysa, Tehron evakuatsiya qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u mamlakat g‘arbidagi Senendej shahriga xizmat safari chog‘ida ma’lum qildi.

Mahalliy hokimiyat bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolar majmuasiga to‘xtalib o‘tgan.

Pezeshkiyon yuqori inflyatsiya va narxlarning oshishini ichki boshqaruvdagi xatolar hamda tashqi sanksiyalar bilan bog‘lagan. 

“Inflyatsiya va qimmatchilik uchun javobgarlik parlament va hukumat zimmasida. Ishlar olib borilmoqda, biroq moliyaviy imkoniyatlar cheklangani sababli ko‘plab loyihalarni oxiriga yetkazib bo‘lmayapti”, degan Prezident. 

U, ayniqsa, ko‘p yillik qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan suv ta’minoti bo‘yicha og‘ir ahvolga e’tibor qaratgan. 

“Eron tabiiy muammolar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Yog‘ingarchilikning yetishmasligi va suv resurslarining tugab borishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, degan Pezeshkiyon.

Prezident suv va energiyani qat’iy tejash, resurslarni ancha oqilona boshqarish zarurligini aytib, poytaxtdagi xavotirli vaziyatni alohida ta’kidlagan.

“Agar tez orada yomg‘ir bo‘lmasa, kelasi oydan Tehronda suv ta’minotiga qattiq cheklovlar joriy etamiz. Agar yog‘ingarchilik bo‘lmasa – zaxiralar tugaydi va biz shaharni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lamiz”, degan Eron Prezidenti. 

Ma’lumot uchun, poytaxt beshta yirik suv omboridan suv oladi: Lar, Mamlu, Amir Kabir, Talikan va Latiyon. Ularning eng kattasi – Amir Kabir to‘g‘oni.

So‘nggi besh yil ichida Eron bo‘ylab yog‘ingarchilik miqdori doimiy kamayib bormoqda. Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, bu yil Tehronda odatiy mavsumiy ko‘rsatkichdan 40 foiz kam yog‘ingarchilik kuzatilgan. Bahor va yoz davomida deyarli yomg‘ir yog‘magani suv omborlaridagi suv hajmini keskin kamaytirib yuborgan.

Krizis faqat daryo va suv omborlariga emas, balki yer osti suvlariga ham ta’sir qilgan – ular ham tez sur’atda tugab bormoqda.

Joriy yilning 20 iyul kuni Tehron viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi poytaxtni suv bilan ta’minlaydigan omborlardagi zaxiralar so‘nggi 100 yildagi eng past darajaga tushib ketgani haqida rasmiy ogohlantirish bergan. Yoz davomida shaharda bir necha bor vaqtinchalik suv o‘chirishlar amalga oshirilgan.

3 noyabr kuni Tehron Suv ta’minoti boshqarmasi direktori Behzod Parsa mavjud suv zaxiralari eng ko‘pi bilan ikki hafta uzluksiz ta’minotga yetishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Mas'ud Pezeshkiyon Senendej Amir Kabir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing