Pentagon Trampning “uchar saroy”ini Qatardan qabul qildi
Olam
−
22 may 6560 3 daqiqa
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Qatar AQSH Prezidenti Donald Trampga sovg‘a qilgan 400 million dollarlik Boeing 747 samolyotini rasman qabul qildi. Bu haqda 21 may kuni Pentagon bayonotiga tayanib, CNN xabar berdi.
AQSH harbiy voizi Shon Parnelning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Prezidentning birinchi havo kuchlari samolyoti bo‘lishidan oldin “tegishli xavfsizlik choralari va samolyotning ishlashi talablari bajarilishini ta’minlash” uchun qayta jihozlanadi.
Amaldagi va sobiq amaldorlarning CNN'ga aytishicha, bunday yangilanish ikki yil davom etishi va samolyotning o‘zi narxidan bir necha barobar qimmatga tushishi mumkin. Shu bilan birga, xabardor manbaning telekanalga aytishicha, samolyotni topshirish bo‘yicha kelishuv hali yakunlanmagan va yuridik guruhlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.
Bepul “uchar saroy”
Tramp ma’muriyati Qatar qirollik oilasidan hashamatli Boeing 747-8 samolyotini sovg‘a olishga tayyorlanayotgani haqidagi xabar ilk bor 12 may kuni OAVda paydo bo‘lgan edi. Taxminlarga ko‘ra, AQSHning amaldagi Prezidentining vakolat muddati tugagach, “uchar saroy” deb ataladigan samolyotga egalik huquqi Tramp prezidentlik kutubxonasi fondiga o‘tadi.
Tramp 2025 yil yanvarida Oq uyga qaytganidan so‘ng, havo kuchlari Boeing bilan bog‘landi, biroq kompaniya ikki yil ichida Prezidentning eskirgan samolyoti o‘rniga yangi samolyot yetkazib bera olmasligini aytdi. Tramp ma’muriyati kutishni istamadi va Boeing'dan kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab kerakli samolyot bilan ta’minlay oladigan mijozlari ro‘yxatini oldi. Ular orasida Qatar ham bor edi va bu davlat bilan muzokaralar boshlandi.
Dastlab gap samolyot sotib olish haqida ketayotgan edi, deb yozadi CNN, biroq Qatar qirollik oilasi samolyotni hadya qilishga tayyorligini bildirdi.
Telekanalning ta’kidlashicha, nafaqat AQSH Demokratik partiyasi vakillari, balki Trampning bir necha nufuzli partiyadoshlari, odatda unga sodiqlik ko‘rsatuvchi respublikachilar hozirda Prezidentning Qatardan hashamatli samolyotni sovg‘a sifatida qabul qilishiga qarshi, buni axloqsizlik deb hisoblaydi.
AQSH Konstitutsiyasi mamlakat hukumati a’zolariga Kongress ruxsatisiz xorijiy davlatlardan sovg‘a olishni taqiqlaydi. Ilgari Kongress Prezidentlar va boshqa hukumat amaldorlariga bunday sovg‘alarni 480 dollargacha saqlashga ruxsat bergan; qimmatroq narsa avtomatik ravishda davlat mulkiga aylandi.
Demokratik senator Chak Shumer, shuningdek, ilgari xorijga tegishli samolyotlarni Prezident foydalanishiga aylantirish uchun Pentagon mablag‘laridan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ham kiritdi. Shumerning so‘zlariga ko‘ra, hech qanday modifikatsiya bunday avialaynerlarning to‘liq xavfsizligini kafolatlay olmaydi.
21 may kuni Oq uyda Donald Tramp va Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosaning uchrashuvi chog‘ida NBC telekanali jurnalisti Amerika yetakchisiga Qatar sovg‘a qilgan samolyot haqida savol berishga urindi. Tramp jurnalistni oxirigacha tinglamadi, uni “dahshatli muxbir” va “yetarlicha aqlli emas” dedi.
Live
Barchasi