Paxtachida Cobalt skuterni urib yubordi. 2 kishi halok bo‘ldi

3-sahifa

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida Cobalt skuterni urib yuborishi oqibatida buvi va uning nevarasi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oktyabr kuni soat 13:00 lar atrofida Paxtachi tumani “Mirkan” MFY hududidan o‘tuvchi 4K-560 avtomobil yo‘lining 14-kilometrida YTH sodir bo‘lgan. Cobalt rusumli transport vositasi haydovchisi Mirkan–Misit yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida yo‘lning o‘ng tomonidan to‘satdan chiqib qolgan velosipedchini urib yubormaslik maqsadida boshqaruvni chap tomonga burgan.

Oqibatda haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va o‘z yo‘nalishida qatnov qismining chap chekkasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan elektroskuterni urib yuborgan. Hodisa tufayli skuterda bo‘lgan bir nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Haydovchi va bir nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, yo‘lovchi shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB TB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Barcha haydovchilardan oraliq masofani saqlash, belgilangan tezlikni me’yoridan oshirmasdan, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 2010 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi onasining Cobalt mashinasi bilan yo‘l-transport hodisasiga uchragani va oqibatda uning sinfdoshi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing