Ozarbayjon va Armaniston muammosini hal qilishning yagona yo‘li bor – O‘zbekiston TIV
Jamiyat
−
14 Sentabr 2022
12811O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiluvchi mamlakat sifatida Ozarbayjon-Armaniston chegarasida tinchlikka erishilgani va keskinlik bartaraf etilganini olqishlaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.
“O‘zbekistonning ishonchi komilki, barcha masalalar va mavjud muammolarni hal qilishning yagona to‘g‘ri yo‘li bu xalqaro huquq asosida va ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida tinchlik muzokaralari va maslahatlashuvlar yo‘lidir.
Biz tinchlik shartlariga qat’iy rioya qilinishi, har qanday sharoitda ham vazminlikning namoyon bo‘lishiga umid qilamiz hamda tomonlarni mavjud ahvolni barqarorlashtirish, vaziyatdan chiqish uchun siyosiy va diplomatik muzokaralar olib borishga da’vat etamiz”, deyiladi TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.
Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan. To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 50 nafar, Armanistondan 49 nafar harbiy halok bo‘ldi. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi.
Armanistonning talabi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilot bosh kotibi rahbarligidagi missiya voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishiga kelishildi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi