Ozarbayjon – ishonchli ittifoqchimiz – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
21:55 266 3 daqiqa
Bugun, 23 avgust kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi hech mubolag‘asiz tarixiy ahamiyatga ega ekanini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bugungi sammitning eng muhim natijasi bo‘lganini qayd etgan. O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, mazkur hujjat hamkorlikni chuqurlashtirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda mushtarak kelajakni barpo etishga bo‘lgan birgalikdagi intilishning ifodasi.
Tashrif doirasida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylangan Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini ta’kidlagan. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etgan.
Ijtimoiy infratuzilmasi jadal barpo etilib, hududida yangi ish o‘rinlari yaratilayotgan Qorabog‘ni qayta tiklash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
“Ozarbayjon – ishonchli ittifoqchimiz, strategik sherigimiz va bizga qardosh davlat. Munosabatlarimiz zamirida yagona sivilizatsion kod – mushtarak tarixiy ildizlar, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘xshash madaniyat va an’analar mujassam”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Sammitga jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilgani ta’kidlangan. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, Hududlar forumi samarali o‘tkazilgan.
Muzokaralar davomida Prezidentlar ko‘p qirrali munosabatlarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qilib, Hukumatlararo komissiya hamraislarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha axborotlarini tinglagan.
Bular, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, madaniyat va boshqa sohalar.
Tomonlar siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, parlamentlar va hukumatlar, tarmoq idoralari hamda hududlar o‘rtasidagi faol aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgan.
Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratilgan. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Bugun ushbu muhim marraga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tegishli dastur qabul qilingan.
Sanoat kooperatsiyasida yangi o‘sish nuqtalari belgilangan.
Mazkur tashrifga tayyorgarlik doirasida energetika, geologiya, kimyo, qurilish, moliya, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalarining salmoqli to‘plami shakllantirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu loyihalarni ilgari surishda bir necha yil avval tashkil etilgan Investitsiya jamg‘armasi muhim o‘rin tutmoqda.
Hududlar imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shu maqsadda joriy oyda Toshkent shahri, Buxoro va Namangan viloyatlari hokimlari Ozarbayjonda bo‘lgan.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – transport-tranzit sohasi, xususan, Transkaspiy koridorini birgalikda rivojlantirish, logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish va yuk tashuvlarini rag‘batlantirish.
Ikki xalq o‘rtasidagi yaqin madaniy-gumanitar aloqalar ishonchli do‘stlik ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Nizomiy Ganjaviy nomidagi Pedagogika universitetining yangi binosi ochiladi, Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlari boshlanadi.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari hamda Ozarbayjonda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi.
Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning adabiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film suratga olinishi mamlakatlarning madaniy hayotida muhim voqea bo‘ladi.
FIFA qaroriga ko‘ra, kelasi yili O‘zbekiston va Ozarbayjon futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilishi belgilangan.
Ushbu yirik sport tadbiri doirasida keng ko‘lamli “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturini amalga oshirishga kelishib olingan.
Davlat rahbari so‘zining yakunida ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. Ushbu tarixiy tashrif yakunlari hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitib, qo‘shma loyihalar va ikki qardosh mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirgan.
Live
Barchasi