Ozarbayjon diasporasi rahbari qo‘yib yuborildi (video)

Olam

image

Yekaterinburgdagi Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiy so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi. Bu haqda uning o‘g‘li Mutvali ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Shixlinskiy hodisa bo‘lganidan keyin guvoh sifatida Tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga olib borilgan. 

Kecha, 1 iyul kuni maxsus kuchlar xodimlari Shixlinskiyni “Baku Plaza” savdo markazi yonida yo‘l o‘rtasida ushlashga urindi. Internetda Shixlinskiyni qo‘lga olinishi aks etgan videolar ham tarqaldi.  Unda ichida diaspora rahbari bo‘lgan Mercedes-Benz G-klassi avtomobili o‘rab olingani va xodimlardan biri ׅ“gelik”ning oynasini sindirganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng ozarbayjonliklar qo‘lga olinib, yuzlari yerga qaratilgan holda yotqizilgan.

“Oxu.Az”ning yozishicha, Shaxin Shixlinskiyga nisbatan jinoiy guruh tashkil etganlik (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi) moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Biroq hozircha diaspora rahbarining rasmiy protsessual maqomi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Uning o‘g‘li Mutvali Shixlinskiyning ta’kidlashicha, otasi avvalroq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha guvoh hisoblanadi.

“E1.RU”ning ma’lumotiga ko‘ra, kuch tuzilmalari Shaxin Shixlinskiyni aynan 2001 va 2011 yillardagi ikki buyurtma asosidagi qotillik hamda 2010 yildagi qotillikka suiqasd holatlarining buyurtmachisi deb hisoblamoqda. Go‘yo u Taganskiy bozoridagi savdodan to‘lov berishdan bosh tortgan Yunis Pashayevni o‘ldirishga rozilik bergan. Keyinchalik Pashayev vafotidan so‘ng amalda ikkiga bo‘linib ketgan diasporaning bir qismiga yetakchiga aylangan Fexruz Shirinovni yo‘q qilishga urinish bo‘lgan. Biroq Shirinov pistoletning ishlamagani tufayli omon qolgan va o‘g‘li bilan birga qotilni 2010 yilda qo‘lga tushirgan.

2011 yilda esa, Pashayev vafotidan keyin ma’lum bir muddat Shixlinskiy bilan hamkorlik qilgan, lekin keyinchalik diasporani kim boshqarishi haqida tortishuvga borgan Ikram Hojiyev otib o‘ldirilgan. U boshiga uzilgan o‘q oqibatida halok bo‘lgan.

“Hozircha bu faqatgina ikkita buyurtma asosidagi qotillik va suiqasd bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida yig‘ilgan materiallardir. Bu ishlar doirasida Rossiya Tergov qo‘mitasi Ozarbayjon fuqarolarini etnik jinoiy guruh deb atab, ko‘plab qo‘lga olish ishlarini amalga oshirdi. Aynan mana shu jinoyatlarni tashkil etganlik aybi Shaxin Shixlinskiyga qo‘yilishi mumkin, keyinchalik esa uyushgan jinoiy jamiyat tuzganlik ham”, deb yozadi “E1.RU”.

Ma’lumot uchun, iyun oyining oxirida Yekaterinburgda o‘tgan yillardagi qotillik ishi doirasida asli ozarbayjonliklar qo‘lga olindi. Bir qator nashrlar o‘shanda Shixlinskiy ish doirasida so‘roq qilingani haqida xabar bergan edi. Uning o‘zi buni yolg‘on deb atagan.

Yekaterinburg sudi jinoiy guruh ishi doirasida besh kishini hibsga olgan: Ahliman Ganjiyev, Mazohir, Akif, Ayaz va Bakir Safarov. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi – avval ayrim a’zolari qo‘lga olingan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Shaxin Shixlinskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing