“Osmantis” ostidagi marosim. Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlari ochiq deb e’lon qilindi (video+foto)

Sport

20231022165458_IMG_9422

Bugun, 22 oktyabr kuni Xitoyning Xanchjou shahridagi – mezbon davlat ramzlaridan biri bo‘lgan “Osmantis” guli bilan bezatilgan “Katta nilufar” stadionida IV Para Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston delegatsiyasiga bevosita hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri Shaxzod Shukurov xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, Xitoy davlatiga xos bo‘lgan atmosferani o‘zida mujassam etgan kichik badiiy chiqishdan so‘ng ishtirokchilar stadionga taklif qilingan. “Osiyo Paralimpiadasi”ning dastlabki katta tadbirida qit’aning barcha davlatlari qatori O‘zbekiston vakillari ham arena sahnasiga chiqib kelgan.

Ushbu marosimda O‘zbekiston delegatsiyasiga para yengil atletikachi Nurxon Qurbonova bayroqdorlik qilgan. Osiyo o‘yinlarining ramzi bo‘lgan “Fei fei” qushi va volontyorlar jamoasi ishtirokchilarni o‘z joylariga kuzatib qo‘yganidan so‘ng tadbirning badiiy qismi davom ettirilgan.

Tadbir davomida ko‘p karra Para Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘lgan faxriy sportchilar tomonidan musobaqa mash’alasi yoqib berilgan.

Ta’kidlash joiz, bu yilgi musobaqalarda O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng katta tarkib – 11 sport turi bo‘yicha 108 nafar para atlet bilan ishtirok etmoqda.

Mazkur Para Osiyo o‘yinlari 2024 yilda Paralimpiada bahslariga yo‘llanma berishi bilan ham sportchilar uchun ahamiyatli hisoblanadi.

Musobaqa davomida para o‘q otish, para stol tennisi, para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlifting, para velosport, para kanoe, para akademiya, para suzish dasturlarida para atletlar medallar qatori Paralimpiya o‘yinlari litsenziyalari hamda reyting ochkolari uchun ham kurash olib boradi.

“Qit’a Paralimpiadasi”da  O‘zbekiston vakillari para shaxmat, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para velosport, para taekvondo va para stol tennisi dasturlarida debyut qiladi.  

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasining Para Osiyo o‘yinlari tarixida eng yaxshi natijasi 2018 yil Jakarta-Palembang (Indoneziya)da o‘tgan o‘yinlarda qayd etilgan. Unda delegatsiya 75 ta medal (33 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza) bilan medallar jamg‘arish bo‘yicha umumiy reytingning 6-pog‘onasini band etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi. Bu tarixdagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Avvalgi eng yaxshi natija 2018 yil Jakartada qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xanchjou-2022 Para Osiyo Osmantis Katta nilufar Fei fei

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing