Orollar ustidagi bahs: Yaponiya tadbiri Koreya g‘azabini qo‘zg‘atdi
Olam
−
22 fevral 10363 2 daqiqa
Janubiy Koreya Yaponiyada o‘tkazilgan bahsli orollar bo‘yicha rasmiy tadbirga keskin norozilik bildirgan. Seul Tokio tomonidan tashkil etilgan “Takesima kuni” marosimini o‘z hududiga nisbatan asossiz suverenitet da’vosi deb baholagan. Bu haqda “Reuters” yozdi.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Yaponiyaning “Shimane Prefesture” hukumati tomonidan o‘tkazilgan marosim va unda yuqori martabali amaldor ishtirok etgani “qat’iy rad etiladi”. Seul Tokioni ushbu tadbirni darhol bekor qilishga chaqirdi.
Dokdo yoki Takesima?
Bahsli hudud – ikki davlat o‘rtasidagi mayda orolchalar majmuasi. Yaponiya uni Takeshima deb atagan bo‘lsa, Janubiy Koreya nazorati ostidagi orollar “Dokdo” nomi bilan yuritiladi.
Seul ta’kidlashicha, Dokdo “tarixiy, geografik va xalqaro huquq nuqtai nazaridan Janubiy Koreyaning ajralmas hududi” hisoblanadi. Bayonotda Yaponiya “asossiz da’volardan voz kechishi va tarixga kamtarlik bilan yuzlanishi” kerakligi urg‘ulangan. Shu munosabat bilan Tokio elchixonasining yuqori martabali diplomati vazirlikka chaqirtirilib, rasmiy nota topshirilgan.
Tarixiy ziddiyat fonida
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Yaponiyaning 1910-1945 yillarda Koreya yarimorolini mustamlaka qilishi bilan bog‘liq tarixiy bahslar sabab hali ham murakkab.
Orollar nafaqat ramziy ahamiyatga ega, balki serhosil baliqchilik hududida joylashgan. Seul ta’kidlashicha, ular tabiiy gaz zaxiralariga ham ega bo‘lishi mumkin, bu esa iqtisodiy qiymatni yanada oshiradi.
Yaponiya TIV hozircha rasmiy izoh bermagan. Ma’lum qilinishicha, marosimda vazir emas, balki hukumatning vitse-vaziri darajasidagi amaldor ishtirok etgan.
Dokdo/Takesima masalasi ikki davlat o‘rtasidagi eng sezgir mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Har bir ramziy qadam ham diplomatik keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Live
Barchasi