Birinchi Orol madaniyat sammiti 2 shaharda o‘tkaziladi
Jamiyat
−
31 mart
3719Joriy yildan boshlab har 18 oyda – bahor yoki kuz fasllarida Orol madaniyat sammiti o‘tkazib boriladi. Bu 28 mart kuni qabul qilingan “Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, birinchi Orol madaniyat sammiti Samarqand iqlim forumi bilan uyg‘un holda 2025 yil 4-6 aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida yuqori saviyada tashkil etiladi.
Orolbo‘yida va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish hamda oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratish Sammitning asosiy maqsad va yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzildi.
Ma’lumot uchun, BMTning 2023 yil 22–24 mart kunlari Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan suv resurslariga bag‘ishlangan konferensiyasida O‘zbekiston tomonidan Orol madaniyat sammiti loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, 4-5 aprel kunlari “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
LiveBarchasi