Oltita mundial ishtirokchisi Gilermo Ochoa faoliyatini yakunladi
Sport
−
22 iyul 1565 2 daqiqa
Meksikalik darvozabon Gilermo Ochoa professional futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bu haqda Ochoa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bu orzu meni qanchalik uzoqqa olib borishini hech qachon tasavvur ham qilmagan edim. Bugun esa ortimga faxr bilan nazar tashlab, oilamga, jamoadoshlarimga va har bir qadamda meni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirishim mumkin. Men millionlab insonlarning mehri va Meksika uchun borimni berganimga bo‘lgan ishonchni o‘zim bilan olib ketaman. Biz birgalikda boshdan kechirgan lahzalarni hech kim bizdan tortib ololmaydi. Barchasi uchun chin qalbimdan rahmat”, deb yozdi Ochoa.
Gilermo Ochoa tarixda oltita Jahon chempionati uchun qaydnomaga kiritilgan uch nafar futbolchidan biri hisoblanadi. Biroq u musobaqaning faqat to‘rttasida – 2014, 2018, 2022 va 2026 yillarda maydonga tushgan. Darvozabon 2006 va 2010 yillardagi turnirlarda ham Meksika terma jamoasi tarkibida bo‘lgan, ammo birorta o‘yinda ishtirok etmagan.
Umuman olganda, Ochoa Jahon chempionatlarida 12 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning beshtasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Darvozabon Meksika milliy terma jamoasi safida 154 ta o‘yin o‘tkazgan. U olti marta KONKAKAF Oltin kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, 2021 yilgi Tokio Olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘lgan.
Bu yil 41 yoshni qarshi olgan Ochoa 2025 yildan buyon Kiprning AEL klubi sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Faoliyati davomida u Meksikaning “Amerika”, Ispaniyaning “Malaga” va “Granada”, Italiyaning “Salernitana”, Portugaliyaning AVS, Fransiyaning “Ayachcho” hamda Belgiyaning “Standard” klublarida ham to‘p surgan.
Live
Barchasi