“Oltin to‘p”ning asosiy favoriti aniqlandi

Sport

image

“WhoScored” statistika portali 2026 yilgi “Oltin to‘p”ga nomzod 30 futbolchining o‘rtacha reytinglariga asoslangan holda o‘z reytingidagi kuchli beshlikni e’lon qildi. Unga ko‘ra, “Inter Mayami” va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi birinchi o‘rinni egalladi.

“WhoScored” ma’lumotlariga ko‘ra, Messining o‘rtacha reytingi 8,28 ballni tashkil etgan. Argentinalik futbolchi 2026 yilgi Jahon chempionatida 8 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etib, terma jamoasi bilan finalga qadar yetib bordi. Uning Jahon chempionatidagi o‘rtacha reytingi 8,82 ball bo‘lgan.

“WhoScored” reytingida kuchli beshlik quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Lionel Messi (“Inter Mayami” – Argentina) – 8,28;
  • Lamin Yamal (“Barselona” – Ispaniya) – 8,23;
  • Harri Keyn (“Bavariya” – Angliya) – 8,14;
  • Kilian Mbappe (“Real Madrid” – Fransiya) – 7,70;
  • Erling Holand (“Manchester Siti” – Norvegiya) – 7,53.

Bu Messining faoliyatidagi 17-nominatsiyasi bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u 18 marta nomzod bo‘lgan Krishtianu Ronaldudan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Messi “Oltin to‘p” nomzodlari ro‘yxatiga 2023 yildan keyin birinchi marta kiritildi.

Shuningdek, 39 yoshli futbolchi birinchi va oxirgi nominatsiyalari orasida 20 yillik farq bo‘lgan tarixdagi ilk futbolchiga aylandi. Messi ilk bor 2006 yilda “Oltin to‘p”ga nomzod bo‘lgan.

Argentinalik futbolchi faoliyati davomida “Oltin to‘p”ni rekord darajada sakkiz marta – 2009, 2010, 2011, 2012, 2015, 2019, 2021 va 2023 yillarda qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi “Oltin to‘p” taqdimot marosimi joriy yilning 26 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi “Oltin to‘p” mukofoti uchun yakuniy 30 nafar nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing