Oltin narxi mutlaq rekord darajada ko‘tarildi
Bu qiziq
−
14 mart
7888Oltinning qiymati yana tarixiy rekord o‘rnatdi. Chikago tovar birjasida (CME) joriy yil aprel oyiga mo‘ljallangan fyucherslar 0,34 foizga oshib, unsiyasi uchun 3001,62 dollarga yetdi va shu tariqa birja narxi birinchi marta unsiyasi uchun 3000 dollar chegarasidan oshdi. Bu haqda CME saytida keltirilgan.
Narxlarning o‘sishiga dunyo bo‘ylab xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabning ortishi va savdo keskinligining kuchayishi sabab bo‘ldi. “Bloomberg” nashrining yozishicha, oltin narxi tarixiy maksimumga yetganiga AQSH Prezidenti Donald Trampning metallarga bojxona tariflari joriy etgani sabab bo‘lgan. Shuningdek, investorlar AQSH iqtisodiyotining istiqbollarini va Federal Rezerv tizimining (FRS) foiz stavkalari bo‘yicha qarorlarini qayta baholamoqda.
Tramp tomonidan po‘lat va alyuminiy importiga joriy etilgan bojlar 12 mart kuni kuchga kirib, eksportga tayanadigan Osiyo mamlakatlarida xavotir uyg‘otdi hamda Yevropa Ittifoqi va Kanada tomonidan zudlik bilan javob choralarining ko‘rilishiga olib keldi.
IG Group kompaniyasining bozordagi strategik tahlilchisi Yip Jun Rongning so‘zlariga ko‘ra, savdo keskinligi ortishi kutilayotganligi sababli investorlar tavakkalchiliklardan qochmoqda. Shuning uchun ular volatil bozor sharoitida xavfsiz aktiv sifatida oltinni sotib olishga qaytayotgani kuzatilmoqda.
Jahon Oltin kengashi (World Gold Council) hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilda oltin narxi 40 martadan ortiq rekord yangilagan. Bunga yirik markaziy banklarning foiz stavkalarini pasaytirishi, Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropadagi geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, AQSH prezidentlik saylovlarining noaniqligi va markaziy banklarning oltinni faol sotib olishi sabab bo‘lgan. 2024 yilda oltin 27 foizga qimmatlab, eng daromadli xomashyolardan biriga aylangan.
Avstraliyaning Macquarie investitsiya banki tahlilchilariga ko‘ra, oltinning narxi 2025 yilning uchinchi choragida unsiyasi uchun 3500 dollarga yetishi mumkin. Bank mutaxassislari bunday optimistik prognozni investorlar, jumladan davlat tuzilmalari tomonidan kredit va kontragent xavf-xatarlarini xedjlashga (ta’minot choralarini ko‘rishga) tayyorligi ortgani bilan izohlashmoqda.
Goldman Sachs banki esa oltinning 2025 yil oxiridagi maqsadli narxini 3000 dollardan 3100 dollarga oshirdi. Citigroup tahlilchilari esa fevral oyida oltin uch oy ichida 3000 dollarga yetishini taxmin qilgan edi, biroq bu mart oyidayoq ro‘y berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston joriy yilning yanvar oyida 8 tonna sof oltin xarid qilgani va bu dunyoda eng yuqori ko‘rsatkich ekani xabar qilingan edi. Natijada mamlakatning oltin zaxiralari 391 tonnaga yetib, jami zaxiralarning 82 foizini tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi
Trenddagilar

