Olmaotada BMTning mintaqaviy markazi ochiladi
Olam
−
05 mart 2128 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMTning mintaqaviy markazi tashkil etiladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidentining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay xabar berdi.
Uning aytishicha, kecha, 4 mart kuni BMT Bosh Assambleyasi 152 ta mamlakat hammuallifligida Olmaotada Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani konsensus asosida qabul qilgan.
“Bu Qozog‘iston uchun muhim tashqi siyosiy muvaffaqiyatdir. Davlat rahbari Qozog‘iston tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkor mamlakatlarga minnatdorlik bildirdi. Prezidentning fikricha, BMTning mintaqaviy markazi mintaqadagi xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim platformaga aylanadi”, deb yozdi Jeldibay.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BMT Bosh Assambleyasining 2019 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan 74-sessiyasida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT mintaqaviy markazini Olmaotada joylashtirish tashabbusini ilgari surgan.
Shuningdek, Qozog‘iston rahbari ushbu tashabbus bilan 2023 yil may oyida Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashgan paytda ham chiqish qilgan. O‘shanda Qozog‘iston yetakchisi xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda gumanitar inqirozni oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlarining ahamiyatini ta’kidlagan.
“BMT rahnamoligida afg‘on xalqiga har tomonlama yordamni kuchaytirish zarur. Shu nuqtai nazardan, Olmaotada Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ayni muddao”, degan To‘qayev.
Prezidentga ko‘ra, ushbu markaz BMTning mintaqadagi loyihaviy faoliyatini samarali muvofiqlashtirishni ta’minlaydi.
Live
Barchasi