Odam qoldiqlaridan ovqat tayyorlab yegan erkak ushlandi
Olam
−
23 iyun 13544 2 daqiqa
Joriy yilning 17 iyun kuni Vengriyada tashlandiq qabristonlardan va o‘zi ishlaydigan shifoxonadan insonning tana qismlarini yig‘ib yurgan 30 yoshli erkak hibsga olindi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu erkakni Vengriya Milliy tergov byurosi Budapeshtda hibsga olgan. Politsiya bayonotiga ko‘ra, erkak ish joyida va uyida tana qismlarini saqlab kelayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Erkak shifoxonada sanitariya xodimi sifatida ishlagan.
Tergovchilar erkakning kvartirasini tintuv qilinganda ular bosh suyaklari, butun pastki oyoq qismi va qo‘lni, shuningdek, insonning yuz terisidan tayyorlangan yuz rekonstruksiyasini topgan. Boshqa suyaklar esa chamadon ichida saqlangan holda aniqlangan. Shuningdek, bankada saqlangan yurak ham topilgan bo‘lib, politsiya uning insonniki yoki hayvonniki ekanini aniqlash ustida ishlamoqda.
Erkak so‘roq paytida tana qismlarini yig‘ganini tan olgan. U o‘zi inson tana qismlariga alohida qiziqishi borligini aytgan, shuningdek, bunday qismlardan ovqat tayyorlab yeganini ham bildirgan. U hozircha inson jasadlaridan noqonuniy foydalanishda gumon qilinib hibsda saqlanmoqda.
Tergovchilarga ko‘ra, u tana qismlarini shifoxonadagi ishidan va Slovakiya hamda Vengriyadagi eski va qarovsiz qabristonlardan qazib olish orqali qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin.
Politsiya uning kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon, SIM-karta va ma’lumot saqlovchi kartalarini musodara qilgan. Topilgan barcha tana qismlari sud-tibbiyot ekspertlari tomonidan tekshiriladi. Tergov davomida aniqlanishiga qarab, ehtimoliy jinoyatlar doirasi kengayishi mumkin.
Live
Barchasi